Shohrux Xon, Ronaldu, Obid Asomov va Yulduz Usmonova – Tashkent City'dagi "Yulduzlar muzeyi" haqida

E’lon qilingan sana· 12 099
Shohrux Xon, Ronaldu, Obid Asomov va Yulduz Usmonova – Tashkent City'dagi "Yulduzlar muzeyi" haqida

“Yulduzlar muzeyi” — “Tashkent City” bogʻidagi noodatiy muzey. Uning nomidan anglash mumkin, u yerda dunyo yulduzlarining haykallari saqlanadi. Afisha.uz muzeyga borib, haykallarni birma-bir koʻzdan kechirib, ular juda real ishlanganiga guvoh boʻldi va quyida muzey haqida aytib beradi.

Muzey bogʻga kiraverishda joylashgan va koʻzga tashlanib turadi. Ushbu binoda muzeydan tashqari “Parvozli teatr” va planetariy ham bor, ular haqida alohida yozamiz (pastda aksiya haqida ma’lumot ham bor).

Ushbu binoga kirganingizda sizni Toshkent metrosining eski poyezdlariga oʻxshash installyatsiya yulduzlar bilan uchrashuvga chorlaydi. Aynan shu “metro poyezdi"dan oʻtib, ichkariga kirasiz va kirishingiz bilan sizni oʻng tarafda “Garri Potter” muxlislariga yaxshi tanish boʻlgan professor Dambldor kutib oladi.

Chap tarafingizda esa qorovulni koʻrasiz. U ba’zida uxlab qolishi ham mumkin.

Koridor boʻylab yurganingizda turli interaktiv oʻrnatilgan, ular muzey boʻylab sayrga taklif etadi. Masalan, rassom Rene Margrittning yuzini olma bilan toʻsib turgan “Insoniyat farzandi” suratini koʻrgan boʻlsangiz kerak. Mazkur surat ham muzeyda osiliq turadi, lekin kichkina syurpriz bor, ozgina kutib tursangiz olma ortidan mashhur inson chiqib keladi, uni kim ekanini borganda bilarsiz endi.

Mashhurlar bilan “uchrashuv"dan oldingi mana shunday kichik “tayyorgarlik"dan keyin haykallar yoniga oʻtasiz, shundan soʻng yulduzlarga yaqin kelasiz. Biz haykallar haqida tasavvurga ega boʻlishingiz uchun muzeydan fotoreportaj tayyorladik, uni pastroqda koʻrishingiz mumkin. Ishonavering, ular haqiqiyga oʻxshaydi, rasm yetkazib berolmasligi mumkin.

Xoʻsh, endi muhim ma’lumotarga keladigan boʻlsak. “Yulduzlar muzeyi"ga kirish 50 000 soʻm. 5 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun bepul.

Shuningdek, majmuada aksiya amal qiladi: muzey (50 000 soʻm) va planetariyga (80 000 soʻm) chipta sotib olsangiz, 130 ming emas, 110 ming soʻm boʻladi.

Muzey (50 000 soʻm) va teatrga (120 000 soʻm) olsangiz, ikkita chipta sizga 150 ming soʻmga tushadi.

Birdaniga uchchalasiga ham chipta sotib olsangiz, aksiya doirasida bu 200 ming soʻm boʻladi (aksiyasiz 250 ming soʻm).

“Tashkent City"ga yoʻl olishdan oldin pastdagi rasmlarni bir tomosha qilib oling, taxminiy tasavvur paydo boʻladi. Yoqimli tomosha!

Muhim eslatma: muzeydagi haykallarga teginish aslo mumkin emas.