"Oramizdagilar": dekretda oʻtirib, kopirayting orqasidan uy xarid qilgan Ezozxon Ismatova bilan suhbat

E’lon qilingan sana· 505
"Oramizdagilar": dekretda oʻtirib, kopirayting orqasidan uy xarid qilgan Ezozxon Ismatova bilan suhbat

Hozirgi kunda zamonaviy kasblar rivojlangandan rivojlanib bormoqda. Har tarafni ushbu sohalarga oʻqitish boʻyicha kurslar bosib ketgan. Bundan kelib chiqish mumkinki, rostan ham mana shunday yoʻnalishlarda mahoratli kadrlar kerak. Ular doim qadrlangan va ular oramizda. Afisha.uz mana shunday professionallardan biri — kopirayting bilan shugʻullanib kelayotgan Ezozxon Ismatova bilan “Oramizdagilar” ruknida suhbatlashdi.


— Oʻzingiz haqingizda ozroq gapirib bersangiz, qayerdansiz, qayerda va qanday muhitda ulgʻaygansiz, qayerda oʻqigansiz va hokazo?

— Ezozxonman. Ismimda “a” harfi ham, baxtga qarshi tutuq belgisi ham yoʻq. Navoiy shahrida tugʻilib, oʻsganman. Oʻqituvchilar sulolasi vakiliman. Shungami, maktabda oʻqiyotgan paytimdanoq atrofimga oʻquvchi yigʻib, dars berganman.

Onam 4 yoshdan kirill, 5 yoshdan lotin yozuvini oʻrgatganlari uchun dunyoni oʻsha paytdanoq buvimning “Bekajon” gazetalaridan kashf qilishni boshladim. 2-sinfdaligimda esa kompyuter va internet nimaligini bildim. Bular bari maktabdan zeriktirdi. Fanlar qiziqtirmay qoʻydi. Chunki mavzular haqida allaqachon boshqa manbalardan oʻqib-oʻrganardim. Baholarim doim a’lo edi.

Bora-bora boshqa yoʻnalishlarga qiziqishim uygʻondi. 3-sinfdan ehtiyojlarimga oʻzim pul topishni oʻrgangan boʻlsam, 8−9-sinflarda bu odatiy holga aylandi. Litsey davri ham oʻqish va topish-tutish yaxshi holatda boʻldi.


Ezozxon Ismatovaning shaxsiy arxividan

Oliygohga kirish uchun esa onam bilan noodatiy kelishuv qilganmiz. Meni hamma fanga moyilligim bor edi, istagan yoʻnalishimga, xohlasam, kirishib ketardim. Oʻylab-oʻylab, xorijiy tillar, xususan, ingliz tili oʻqituvchisi boʻlishni tanladim. Shunday qilib, Navoiy davlat pedagogika instituti talabasi boʻldim.

Onam koʻp xohishlarimni “avval institutga kir, keyin mayli” deb qaytargan boʻlsalar, talaba boʻlganimdan keyin chindan qoʻlladilar. Oʻsha paytlarda tengdoshlarim bilan qatnashmagan seminarim, sammitim, tanlovim qolmagandir deb oʻylayman. Ham ijodkor edim, ham ingliz tilini yaxshi bilardim. Shu ikkisi bilan bogʻliq tutun chiqqan yerda bor edim. Deyarli har oy Toshkentga qatnardim. Xarajatlarni esa bemalol oʻzim qoplardim.

Ooo, mazza davrlar edi.

— Sizni tanimagan odamlarga oʻzingizni qanday tanishtirgan boʻlardingiz?

— Men ayolman. 3 farzandning onasiman.

Men kopirayterman. Mahalliy 100 dan ziyod loyihalar bilan hamkorlik qilganman.

Men oʻqituvchiman. 3 yil ichidan 700 ga yaqin shogird oʻqitganman. Shularning qariyb 70% qismi sohada. Ana shu sohadagilarning deyarli yarmi 8 xonali sonda maosh oladi.


Ezozxon Ismatovaning shaxsiy arxividan

— Nega aynan kopirayting? Bu sohadan topgan pulingiz qancha boʻlgan?

— Sohaga kirib kelishimning eng asosiy sababi soʻz bilan chiqishishim, sohaga yaqin iqtidorim desam boʻladi. 4−5 yoshda gazeta oʻqiyotganimdayoq soʻzlarni analiz qilar edim. Nega mana bu sahifani koʻproq oʻqiyapman, bunisini oʻqigim kelmaydi deb oʻylaganman.

Bora-bora drabl yozib ijod qiladigan boʻldim. Hikoyalar yozdim. Ular gazeta va toʻplamlardan joy oldi. Oilali boʻlgach fokusimni jam qilib ijod qilolmay qoldim. Ammo soʻzga muhabbat hamon yondirardi. Soʻz bilan bogʻliq nimadir qilgim kelardi.

Bir vaqtning oʻzida pulga ehtiyojim ham bor edi. Oʻzimga 2 ta savol qoʻyganman:

  • Qanday qobiliyatlarim bor?
  • Shularning qaysi birini pulga chaqolaman?


Ezozxon Ismatovaning shaxsiy arxividan

Natijada SMM mutaxassisi sertifikatini olgan kunimoq kopirayter boʻlishga ahd qilganman.

1-marta 1 martalik buyurtma uchun olgan summam 17 000 soʻm edi. Keyinroq doimiy har bir matnga 10 000 soʻmdan yozib berish kelishuvi bilan taniqli agentlikka ishga kirganman.

— Ham oila, ham ish — balans ushlash qiyinmasmi?

— Qiyin. Men buning ichidan oʻtyapman. Shuning uchun “hammasini oʻzim qoyilmaqom eplayapman” degan odamga ishonmayman. Albatta yo qaysidir biri oqsaydi, yo kimdir yordam beradi.

Men esa faxr bilan yordam beradigan odamim qaynonabuvim ekanliklarini tan olmoqchiman.

Magistraturada oʻqiyotganimda farzandimni beshigini tebratib, sutini ogʻziga tutgan ham, buyurtmalarni bajarayotganimda bolamni koʻchada sayr qildirgan ham, dars qilsam, ovqatimni oldimga olib kirib bergan ham, dars oʻtsam, mendan avval jadvalimni bilib, bolamni beshigini asta yonlariga olib oʻtib ketadigan ham shu kishi. Aynan qaynonabuvimning dekretda oʻzligimni yoʻqotmay, yangi bir sohaga kirib, oʻsishimda hissalari katta.


Ezozxon Ismatovaning shaxsiy arxividan

Yana bir narsa.

Qiyin bu qiyin. Hech kim istab turib bunga bardosh bermaydi. Qachonki, shu qiyinchilik kishiga rohat bersa, bunga tabiiy rozi boʻladi, shu yoʻldan oʻtishni oʻzi xohlaydi. Xuddi menday.

Men uchun shaxsiyatimni “oʻldirmaslik”, koʻzimiz oʻrgangan — dekretda oʻtirib, uy ishlaridan boshqa narsani oʻylamaydigan, kuni nima ovqat qilishni oʻylab oʻtib ketadigan ayolga aylanmaslik juda muhim edi. Oʻzligimni — qobiliyatlarimni, bilimlarimni, oʻzimga nisbatan bahom va talablarimni yoʻqotib qoʻymaslik-da ahamiyatli edi.

Ana shu sabab qiyinchilikni ortidan keladigan totli natijaga qarab yurdim. Yuryapman. Har bir sinov, har bir oʻsish yoʻli, har bir muammodan zavq bilan oʻtyapman. Bu maroqli.

— Shu orqali pul topmoqchi boʻlgan, ammo nima qilishni bilmagan odamga tushuncha berolasizmi, kopiraytingga kirish qanday boʻladi, qanday qobiliyat (ni rivojlantirish) kerak?

— Meni sohaga kirmoqchi boʻlganlardan, xususan, shogirdlarimdan qiladigan eng katta talabim — soʻzga muhabbat va ishtiyoq.

Agar soʻz bilan yaxshi chiqishsangiz, u bilan nimalar qilish mumkinligini bemalol oʻrgana olasiz.

Agar ishtiyoqingiz boʻlsa, vaziyatlarga moslashasiz, tajribalarni oson oʻrganasiz, kerak boʻlsa, imloni ham oʻrganasiz.

Ana shu 2 narsa eng keragi deb bilaman.


Ezozxon Ismatovaning shaxsiy arxividan

Agar soʻz bilan yaxshi chiqmasangiz-u, kopirayting yaxshi daromad manbayi deb oʻylasangiz, sohadagi trayektoriyangiz uzoqqa bormaydi, deb qoʻrqaman.

Xoʻp, shu ikkisi sizda bor deylik. Ana undan keyin bir ustozning, ekspertning, soha ustasining etagini tuting. Albatta mustaqil izlanish olib borib, tajriba hosil qilsangiz ham boʻladi. Lekin ustoz sizni B nuqtaga tezroq olib boradi va siz yillar davomida oladigan koʻnikmani tezroq, osonroq yetkazadi. Maqsadga qulayroq yoʻldan borasiz.

— Buyurtmachilar bilan ishlashda qandaydir prinsiplarga amal qilasizmi?

— Eng asosiy amal qiladigan prinsipim: sidqidildan ishlash! Shunchaki ishlash emas.

Hamkorlikka kelishdikmi, imkon qadar oʻsha loyihaga sidiqildan yondashuv qilaman. Ya’ni mijoz mendan kutganidan ortiqroq qiymat berishga harakat qilaman. U mendan 100 kutgan boʻlsa, kamida 101 berishga intilaman.

Shuningdek, bu borada havoyi yo mendan oldin shu savolga javob berganlardan yangiroq bir nima deyolmayman. Lekin oʻzimning 2 ta odatim bor. E’tiqod bilan bogʻliq.

  • Har kuni odatdagi duolarim qatorida oʻzim va shogirdlarimga halol rizq berishini, xayrli, oʻsishimga yordam beradigan loyihalar va hamkorlar bilan yuzlashtirishini soʻrayman;
  • Ota-onam, qaynona-qaynotam, buvilarimni koʻnglini olib, xuddi shu duoni ularam men uchun qilishlarini soʻrayman.


Ezozxon Ismatovaning shaxsiy arxividan

— Muvaffaqiyatlar haqida gaplashsak, kamtarlik qilmang: aynan kopirayting orqali qanday maqsadlaringizni amalga oshirdingiz?

— Uy olganmiz. Hayotimiz tipik oilaviy muhitdan koʻra rang-baranglashgan. Pul baxt olib kelmaydi. Lekin baxtliroq qiladi. Ya’ni unga koʻp narsa sotib olish mumkin. Va kartamdagi kirdi-chiqdini sarhisob qilib, 1 oʻzim 1 yilda bemalol 1 ta uy ololarkanman deb xulosa qilganman.

Lekin maqsadim unchalik moddiy emas, prioritetim ham boshqa — farzandlarim. Hozir farzandlarimni yaxshi bogʻchaga borishi, sogʻligi, suti, pampersi kabilar uchun koʻproq e’tibor qaratyapman.

— Bolali, uyda oʻtirishga majbur boʻlgan ayollarga nima degan boʻlardingiz?

— Yashang! Maza qilib yashang. Dekret — baxt. Aynan farzandli boʻlib, unga gʻamxoʻrlik qilish uchun uyda boʻlish rohat. Siz bekorchi emassiz, siz jamiyat uchun bir mustaqil, dunyoqarashli, prinsipli inson tarbiyalab berish uchun mas’ulsiz.

Shu bilan birga, unutmang: “uyda oʻtirish” bu shaxsiyatini unutish degani emas. “Kamina qaysi rangni yaxshi koʻradi? Kamina qaysi gulni yoqtiradi? Qaysi ovqatni sevib yeydi? Nimalarni xohlaydi? Qaylarga borgisi keladi? Nimalar qilgisi keladi?” kabi savollarga javobingiz boʻlsin. Siz nafaqat kimningdir rafiqasi, kelini, onasi, balki alohida bir shaxssiz! Uyda oʻtirish shaxsiyatning yoʻqotilishiga olib kelmasin.

Agarki, farzandni ham, oilani ham eplay olishingizga koʻzingiz yetsa, qoʻpol qilib aytganda, qoyillatsangiz, ana unda uyda oʻtirib ham rivojlansa boʻladi. Boshqalar qilganmi? Demak, sizam eplaysiz. Xohish, ishtiyoq, harakat boʻlsa, kifoya!

— Ezozxon yaqin 10 yilda oʻzini qayerda koʻradi?

— Oliygohda. Ezozxon Sarvarovna degancha murojaat qilayotgan talabalar davrasida.

Kishida moddiy daromadini oʻylamasdan, maza qilib ishlashni xohlaydigan kasbi boʻladi. Menda aynan oʻqituvchilik. Shuncha yiqqan va yigʻayotgan tajribalarim, bilimlarim, koʻnikmalarimni albatta talabalarim bilan boʻlishishim shart. Ustozlik esa baxtim, qismatim, qalb kasbim.

Xudo xohlasa, yaqin yillarda oliygohga ishga chiqishni reja qilyapman.


Oldinroq Afisha.uz Instagram’dagi adabiyotchi bloger Dilnoza Ilhomovna bilan suhbat qurgandi.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov