Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi ko‘rib chiqildi — umumiy ma'lumotlar

E’lon qilingan sana· 239
Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi ko‘rib chiqildi — umumiy ma'lumotlar

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-oktyabr kuni Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi.

Ayni paytda shahar hududi 43 ming 822 gektar, aholisi esa uch milliondan ortiq kishini tashkil etadi. Kelgusida poytaxt aholisining o‘sishi munosabati bilan Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasi ishlab chiqildi.

Loyihaga koʻra, Toshkent shahri hududi uchta hududga boʻlinadi:

  • “konservatsiya zonasi"da madaniy meros obyektlari, tarixiy obidalar, binolar va yashil hududlarning saqlanishi ta’minlanadi;
  • “rekonstruksiya zonasida” bosh rejalar asosida qoʻshimcha qurilish qilish mumkin boʻladi;
  • “renovatsiya zonasi"da eskirgan uy-joylar va eski binolar o‘rnida yangi qurilish, shuningdek, ularni ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi.

Yangi bosh rejada avtomobillar sonining ko‘payishi, o‘rtacha haroratning ko‘tarilishi va boshqa ekologik muammolar inobatga olingan. Shu munosabat bilan shahar va uning atrofidagi yashil hududlar maydonini uch barobarga oshirib, 25 ming gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Buning yordamida aholi jon boshiga yashil hududlar maydoni hozirgi uch kvadrat metrdan olti kvadrat metrgacha koʻpayishi mumkin.

Aholi oʻz yashash joyidan eng yaqin bogʻcha, maktab, shifoxona, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlariga 15 daqiqadan koʻp boʻlmagan vaqt ichida yetib borishi uchun jamoat transporti tarmogʻini kengaytirish, uzel va bekatlarni koʻpaytirish rejalashtirilgan. Yangi yoʻllar quriladi va metrobus yoʻnalishlari tashkil etiladi.

Bosh reja loyihasida elektr energiyasi, suv ta’minoti va kanalizatsiya infratuzilmasi quvvatlarini oshirish chora-tadbirlari ham ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari Toshkentni kamida 7,5 million kishi uchun qulay yashash va mehnat sharoitlariga ega yirik megapolisga aylantirish zarurligini taʼkidladi. Shuningdek, Toshkent viloyatining Qibray, Zangiota, Yuqorichirchiq, O‘rtachirchiq va Toshkent tumanlarini poytaxt bilan yagona aglomeratsiya asosida rivojlantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.