Rasmingizni qahva idishiga bepul chizib beradigan kofeshop – "Salom" haqida

E’lon qilingan sana· 372
Rasmingizni qahva idishiga bepul chizib beradigan kofeshop – "Salom" haqida

Salom! Biz maqolani shunchaki salom berib boshlamadik, bu — Toshkentda yangi ochilgan noodatiy kofe doʻkonining nomi. Uning boshqalardan ajralib turadigan jihati shundaki, kofeshopda nafaqat baristalar, balki rassomlar ham ishlaydi.

Seoul Mun” majmuasida yangi kofeshop ish boshladi, u “Salom” deb nomlanadi. U yerda siz qahva buyurtma qilsangiz, oʻsha yerning oʻzida rasmingizni ham chizib berishadi. Qogʻozga emas, qahva idishiga! Va asosiysi, hech qanday qoʻshimcha haq toʻlash shart emas.

Barista va rassomlar operativ ishlaydi, rasm chizish jarayoni koʻp vaqt olmaydi, buyurtma berganingizdan keyin taxminan 10−15 daqiqa kutishingiz kerak. Bu vaqtda esa rassomlar sizning oʻzingiz yoki telefondagi rasmingizga qarab portretingizni idishga tushirib berishadi. Hammasi qoʻlda va tabiiy.

Ushbu qahvaxona majmuaning ikkinchi qavatida joylashgan. Dushanbadan jumagacha 14:00 dan 23:00 ga qadar ishlaydi, dam olish kunlari esa 10:00 dan xizmat koʻrsatish boshlanadi.

Narxlar esa odatiy qahvaxonalar bilan deyarli bir xil. Masalan, espresso va amerika qahvalari hajmiga qarab 20−25 ming soʻm. Kichik kapuchino 26 ming, kattasi esa 35 ming soʻm. Latte ham xuddi shunday. “Salom” kofedan tashqari milksheyk va choylar ham taklif qiladi. Ammo muhim eslatma: ushbu narxlar faqatgina maqola e’lon qilingan vaqtda (9-oktyabr, 2024-yil) aktual hisoblanadi.