Foto: “Toshkent non shahri” festival qanday oʻtdi?
3−4 oktyabr kunlari Toshkent shahrining “Gulbozor” mahallasidagi sayyohlik ko‘chasida “Toshkent non shahri” festivali o‘tkazildi. Ushbu tadbirda non va an’anaviy madaniyat namunalari koʻrgazma qilindi.
Festival davomida ushbu turistik ko‘chada faoliyat yuritayotgan va mehmon novvoylar 50 ga yaqin turdagi non hamda non mahsulotlarini tayyorladi. Tashrif buyuruvchilar novvoylarning non tayyorlash jarayonini tomosha qildi. Ko‘plab mehmonlar jarayonga qiziqish bildirgan holda savollar berdi va pishirish bo‘yicha maslahatlar olishdi.
Festival doirasida kashtachilik va zargarlik buyumlarini yasash bo‘yicha mahorat darslari ham o‘tkazildi. Xohlovchilar o‘z qo‘llari bilan noyob mahsulotlar yaratib, an’anaviy hunarmandchilikda oʻzlarini sinab koʻrdi. Ustalar o‘z san’at sirlari bilan o‘rtoqlashdi.
Festival davomida san’atkorlar an’anaviy o‘zbek qo‘shiqlarini kuylab, raqslarini namoyish etdi. Bundan tashqari, bolalar va kattalar uchun interaktiv o‘yinlar va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etildi. “Toshkent non shahri” festivali mehmonlarda nonga boʻlgan qiziqishning oshishiga va O‘zbekiston an’analari atrofida birlashishga chorladi.