"Sen hayotimning – mazmunisan": Lolaning shov-shuvli 2024-yilgi konsertidan reportaj

E’lon qilingan sana· 17 820
"Sen hayotimning – mazmunisan": Lolaning shov-shuvli 2024-yilgi konsertidan reportaj

O‘zbek estradasining taniqli va o‘ziga xos vakili Lola 27−29-sentabr kunlari uzoq kutilgan yakkaxon konsertini taqdim etdi. Xonanda “Xalqlar do‘stligi” sanʼat saroyida bo‘lib o‘tgan 20 yillik ijodiy sarhisobida barcha qo‘shiqlarni to‘liq jonli ijroda kuyladi. U nafaqat konsert repertuarini rang-barang qilishga, balki sahna bezagi, imiji va mashhur hamkasblari bilan duet aytishga ham katta ahamiyat qaratdi. Afisha.uz muxbirlari Lolaning shov-shuvli konsertidan foto va video reportaj tayyorladi.

Oxirgi marta 2016-yilda yakkaxon konsertini qo‘ygan Lola oradan sakkiz yil o‘tib, yana qadrdon “Xalqlar do‘stligi” sanʼat saroyida ijodiy kecha o‘tkazdi.

Lola konsertini “Men topdim baxtimni” qo‘shig‘i bilan boshlab, uni sahnada ot ustida kuyladi. Bu esa zaldagilarning olqishi va qiyqiriqlariga sabab bo‘ldi. “Orzu” taronasini “gul bargi"ga o‘ralib ijro etgani ham kutilmagan sahna obrazi sifatida muxlislar yodida qolgani shubhasiz.

Xonanda yillar davomida yaratgan va tinglovchilar qalbiga kirib borgan qo‘shiqlarining eng saralari — 30 ga yaqinini to‘liq jonli ijroda kuyladi. Hamkasbi Shohruhxon bilan “Yig‘lar osmon”, reper Konsta bilan “Sog‘inch” va reper Shahriyor bilan “Netayin” qo‘shig‘ini aytdi. Zaldagi tomoshabinlar har bir duetni olqishlar bilan qarshi olib, birgalikda jo‘r bo‘ldi.

Noodatiylikni xush ko‘ruvchi Lola mazkur konsertiga ijodiy jamoasi bilan jiddiy hozirlik ko‘rib, qattiq mehnat qilganini sezish qiyin emas. U sahna bezagidan tortib, o‘zining imijigacha alohida eʼtibor qaratgan.

“Benom” guruhi vakili Sarvarning aytishicha, konsert rejissyori va baletmeysterlar chet eldan taklif qilingan bo‘lib, barchasi tajribali va Yevropadagi turli loyihalarda qatnashgan.

“Ushbu konsertda bosh musiqiy prodyuser aynan “Benom” jamoasi. Jonli ijro bilan bog‘liq texnik holatlar, repertuar shakllantirish, sozandalar bilan ishlash, aranjirovka, umuman, sahnadagi tomoshabinga eshitilayotgan har bitta ovoz bizning prodyuserligimiz ostida bo‘lyapti. Rejaga ko‘ra, Lola bilan duet aytishimiz kerak edi. Ammo sahna ortidagi masʼuliyatni duetdan ko‘ra muhimroq, deb bildik.

Lola men uchun kreativ ijodkor. So‘nggi paytlarda xonandalar orasida o‘z qo‘shiqlari va kliplarida retrostil, yaʼni 80-yillarni aks ettirayotganlar ko‘paymoqda. Lola esa oldinga intilmoqda va muxlislarini ham o‘zi bilan yangiliklarga, oldinga yetaklamoqda. Shu jihati ham menga juda yoqadi. U didli va o‘ziga xos xonanda", — dedi Sarvar.

“Bunday sahna bezagini shu paytgacha biror matra ham ko‘rmaganman. Menimcha, O‘zbekistonda bunaqa konsert, sahna va tayyorgarliklar hali bo‘lmagan. Ushbu shou dasturdan keyin boshqa hamkasblarimizning ham konsertlari sifatliroq bo‘ladi, deb o‘ylayman. Bu menga ham turtki berdi, „shunaqa qilsa ham bo‘larkan-da“, degan fikrga keldim. Navbatdagi konsertimni hech bo‘lmasa, Lolaning shu konserti bilan bir xil darajada o‘tkazishga harakat qilamiz”, — dedi Shohruhxon.

Shahriyor reperning so‘zlariga so‘ra, Lola juda ko‘ngli ochiq va toza inson. U Shahriyorni sanʼatga kirib kelgan paytlari qo‘llab-quvvatlagan, yaʼni birgalikda Tarona Records prodyuserlik markazida ijod qilishgan.

Lola bilan bir sahnada turish men uchun katta sharaf. Lolaning har bir qo‘shig‘i ko‘ngilga yaqin, muxlis sifatida “Toshkent-Samarqand” taronasini yaxshi ko‘rib eshitaman, samarqandlik bo‘lganim uchun (kuladi). Nasib qilsa, o‘zim 2025- yil bahorida yakkaxon konsertimni qo‘yishni rejalashtiryapman", — dedi Shahriyor.

Lola dastur mobaynida qizi va o‘g‘li bilan birgalikda otasining yorqin xotirasiga bag‘ishlangan “Dadajonim” nomli qo‘shig‘ini premyera qildi. Ikkita ekranda dadasining faoliyati va oilaviy suratlari hamda videolari namoyish etildi.

Xonandani qo‘llab-quvvatlash uchun o‘nlab shou-biznes vakillari, xususan, “Million” jamoasi sardori Davron Kabulov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Raʼno Shodiyeva, bloger Ozod Xurammov va boshqalar tashrif buyurdi.

Konsertdan tayyorlangan video reportajni Afisha.uzning You Tube`dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.