Toshkentdagi 10 ta kitob doʻkoni
Kitob har bir insonning hayotida muhim oʻrin tutadi. Ba’zi insonlar uchun kitob oʻqish nonushtadek gap — yemasang, kun boʻyi tetik yurolmaysan. Ayrimlar esa, afsuski, kitobdan ancha uzoqlashib ketgan. Va albatta, har bir oʻquvchini kitob bilan bogʻliq qiziq va yodda qolarli hikoyasi bor. Masalan, men yaqinda kitobni elektron varianti ham yomon boʻlmasligi, aksincha ancha qulay ekanini tushunib qoldim. Har kuni ishga borishda va qaytishda jamoat transportida smartfondagi ilova orqali mutolaa qilishni oʻrgandim va 2 oy ichida 3-kitobni oʻqiyapman.
Ammo, lekin, biroq… qogʻoz kitobning oʻziga yarasha zavqi bor. Har bir kitobxonda shunday holat boʻladi: javonda bir nechta oʻqilmagani boʻlsa-da, yangi kitob sotib olinadi va u ham eskilari qatoriga qoʻshilib turadi. Bu zanjir uzulmaydi. Kitob sotib olish ham zavqli jarayon. Keling, Toshkentdagi mana shunday shodlik beruvchi xaridlar amalga oshirish mumkin boʻlgan bir nechta doʻkonlarni koʻrib chiqamiz.
Asaxiy
“Asaxiy Books” oxirgi yillarda nafaqat kitoblarning onlayn savdosini, balki oʻzining shahardagi doʻkonlarini ham rivojlantirdi. Hozirda Toshkentda “Asaxiy"ning 6 joyda kitob doʻkoni bor: “Novza” metro bekati yaqinida, “Farhod” bozori atrofida, sobiq “Panorama” va “Webster” universiteti yonida, “Yangihayot” metro bekatidan chiqishda, “Mustaqillik” koʻchasidagi “Kitob olami"da va “Xalqlar doʻstligi” saroyi qarshisida. Ushbu doʻkonlarning aniq manzilini ushbu havola orqali bilib olishingiz mumkin.
Foto: Yandex Xarita
“Asaxiy” doʻkonlarining oʻziga xos tarafi shundaki, siz u yerdan keng assortimentdagi kitoblarni, balki kompaniya tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingan mashhur kitoblarni ham oʻz narxida topishingiz mumkin boʻladi. Agar doʻkonga borishga vaqt yo imkoniyatingiz boʻlmasa, ularning vebsayti orqali ham xarid qilish mumkin.
“Книжный мир”
Poytaxtdagi eng ajoyib nuqtalardan birida joylashgan ushbu doʻkonda jahon adabiyoti kitoblar turi ancha koʻp.
Foto: Google Maps
Bu doʻkondan kitob xarid qilib, oʻsha atrofning oʻzida mutolaa qilishga kirishish mumkin. Chunki u yerdan chiqishingiz bilan Toshkentdagi ajoyib maskanlardan biri — “Moviy gumbazlar” bogʻi joylashgan. Salqin, bahavo, sokin, yashillik — yolgʻiz sayr qilish va ochiq havoda kitob oʻqish uchun ideal manzil.
Toshkent univermagi oldidagi kitob rastalari
Keling, “Moviy gumbazlar"dan uzoqlashmaymiz: bogʻning bir chetida qator bukinistlar turadi, ya’ni u yer ikkinchi qoʻl kitob sotuvchilar bilan toʻla. U yerda turli-tuman, kamyob kitoblarni topib mumkin.
Foto: Gazeta.uz
Gazeta.uz ushbu rastalardan maxsus reportaj tayyorlagan edi, uni oʻqishni tavsiya qilamiz: “Toshkent ramzlariga chizgilar. Markaziy univermag yaqinidagi kitob rastalari”.
Qamar
“Alisher Navoiy” koʻchasining “Samarqand Darvoza” koʻchasi bilan kesishmasiga yaqin joyda, xalq tili bilan aytganda, “Xadra"da qator kitob doʻkonlari joylashgan. U yerda ajralib turadiganlaridan biri — “Qamar”. Bu doʻkonda keng assortimentdagi diniy kitoblar va aksessuarlarni topishingiz mumkin.
Foto: Google Maps
“Qamar”, shuningdek, kirish qismiga oʻrnatilgan va har kuni har xil situativ yozuvga almashib turadigan peshtaxtasi bilan ham mashhur. Bundan tashqari, ushbu qatorda, yuqorida aytganimizdek, boshqa kitob doʻkonlari ham bor.
Topar.uz
Poytaxt markazidagi yana bir ajoyib kitob doʻkonlaridan biri. Bu joy oʻziga xos atmosferasi, keng tanlov imkoniyati va kitobxonlarga xush keluvchi dekoratsiyasi bilan boshqalardan ajralib turadi.
Foto: Google Maps
“Topar"dan nafaqat doʻkonga borib, balki onlayn — vebsayti orqali ham sotib olish mumkin. Manzil.
Book.uz
Taniqli kitob doʻkonlaridan biri bu maqoladan joy olmasa, adolatdan boʻlmaydi. Chilonzor tumanida joylashgan ushbu kitob doʻkoni nafaqat kitoblari, balki ba’zida she’riy kechalar oʻtkazib turishi bilan ham mashhur. Kitobxonlar bu maskanni bilmay iloji yoʻq.
Foto: Yandex Xarita
Bu kitob doʻkoni ham oflayn, ham onlayn rejimda ishlaydi. Doʻkondagi kitoblarga ularning vebsayti orqali ham buyurtma berish mumkin.
Books a million
“Magic City” bogʻida nafaqat musiqali favvora va yaltur-yultur chiroqlar, balki ajoyib kitob doʻkoni ham mavjud. “Books a million” doʻkonidan inglizcha kitoblarni topishingiz mumkin. Agar topilmasa, ularga buyurtma berish varianti ham bor.
Foto: Google Maps
Ha, Magic City’ga, aniqrogʻi, mana shu manzilga boshqa maqsad bilan ham borish mumkin.
Ayna Books
“Oybek” metro bekati yaqinida joylashgan “Ayna Books” kichik, ammo qulay va assortimenti keng joy boʻlib, u yerdan bolalar uchun maxsus kitobchalar va intellektual oʻyinlarni ham topishingiz mumkin. Bundan tashqari, ayollar va ota-onalar uchun maxsus boʻlimlar ham bor.
Foto: Google Maps
Bu ushbu hududdagi kam sonli kitob doʻkonlaridan biri hisoblanadi. Mana uning manzili.
Sarmoya Books
Bu “Seoul Mun” savdo markazi hududida joylashgan yangi kitob doʻkoni boʻlib, keng turdagi tanlov taklif qilishidan tashqari, soat 01:00 gacha ham ishlaydi, ya’ni siz ishdan keyin ham u yerga borishga ulgurasiz.
Foto: Yandex Xarita
Doʻkon koʻpgina oʻzbek, ingliz va rus tillaridagi kitobni ham onlayn, ham oflayn tarzda sotadi. Manzil.
Волшебник
Bu Toshkentdagi kam sonli bolalar kitoblari doʻkoni hisoblanadi. Bu yerdagi assortiment faqatgina bolalarga moʻljallangan. Ammo, afsuski, undagi kitoblarning aksariyati rus tilida.
Foto: Yandex Xarita
Qogʻozlimi yo elektron — farqi yoʻq, koʻproq kitob oʻqing. Bu — foydali.