Toshkentda yashil hududlar koʻpaytiriladi, piyodalarga ustuvorlik beriladi

E’lon qilingan sana· 52
Toshkentda yashil hududlar koʻpaytiriladi, piyodalarga ustuvorlik beriladi

Prezidentning 24-sentabrdagi qarori bilan Toshkent shahrida atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan kechiktirib bo‘lmas chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz.

Xabarga koʻra, “Shahar — piyodalar uchun” tamoyilini joriy etish, sun’iy suv havzalari va yashil zonalar barpo etish, korxonalarda tozalash uskunalarini o‘rnatish va boshqa tadbirlar ko‘zda tutilmoqda. Dastur quyidagi tadbirlarni o‘z ichiga oladi:

  • Toshkent shahri hamda har bir tumanining ekologik master-rejasini ishlab chiqish;
  • “Shahar — piyodalar uchun” shiori asosida jamoat transportiga har tomonlama ustunlik berilishini ta’minlash;
  • Toshkent shahrining diqqatga sazovor ko‘chalarida avtotransport vositalaridan holi hududlarni tashkil etish;
  • mikroiqlim mo‘'tadilligini ta’minlash, atmosfera havosi sifatiga ijobiy ta’sir etish maqsadida sun’iy suv havzalarini barpo etish;
  • sanoat korxonalarida zamonaviy chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish va eskilarini almashtirish ishlarini tashkil etish;

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahridagi jamoat transporti 2025−2027-yillarda bosqichma-bosqich faqat elektr energiyasi va gaz yoqilg‘isiga o‘tkaziladi.

Jamoat transportining ustuvorligini ta’minlash 2025-yilga mo‘ljallanmoqda. Shu maqsadda, markaziy shaharlarda transport va piyodalar oqimlarining kesishish nuqtalari sonini kamaytirish, alohida avtobus yo‘llarini tashkil etish orqali tezkor avtobus yo‘nalishlari (VET) tizimini joriy etish, chorrahalarda avtobuslarning ustuvor harakatini ta’minlash maqsadida yo‘llarni rekonstruksiya qilish, yo‘lovchilar va yo‘nalishli taksilarning xavfsiz va to‘siqsiz harakatlanishini hisobga olgan holda bekatlarni rekonstruksiya qilish belgilangan.

Shuningdek, aholi zich joylashgan ijtimoiy-madaniy ahamiyatga ega obyektlarda mikroiqlim sharoitlarini yaxshilash, mo‘'tadil mikroiqlim, sifatli atmosfera havosini ta’minlash maqsadida sun’iy suv havzalari va ko‘llar tashkil etiladi. Buning uchun tadbirkorlik subyektlari va xususiy biznes vakillari jalb etish ko‘zda tutilgan.

2024−2026-yillarda Toshkent viloyatida “yashil belbog‘” yaratish uchun 441 gektar yer maydoni ajratilishi rejalashtirilmoqda.

Xabarda qayd etilishicha, kelasi yozda Toshkent shahrida havo sifati va ob-havo haqidagi ma’lumotlarni tezkor aks ettirish uchun 20 ta joyga monitor va displeylar o‘rnatish reja qilinmoqda.