Ecopark'ka olib boradigan yoʻl vaqtincha yopildi
Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Ecopark’ning “O‘zbekiston ovozi” ko‘chasidan kirish darvozalari va unga eltadigan yoʻl vaqtincha yopildi.
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “O‘zbekiston ovozi” ko‘chasida qurilish-ta'mirlash ishlari davom etmoqda. Shu sababli “O‘zbekiston ovozi” ko‘chasining Shastri ko‘chasi bilan kesishmasidan “Ekopark"ga qadar bo‘lgan qismi va “Ekopark"dan Hamid Olimjon ko‘chasining Maxatma Gandi ko‘chasi bilan kesishmasiga qadar qismi avtomobillar uchun yopildi.
Shuningdek, “O‘zbekiston ovozi” ko‘chasida olib borilayotgan ta’mirlash ishlari munosabati bilan “Ecopark"ning “O‘zbekiston ovozi” ko‘chasidan kirish darvozalari vaqtinchalik yopildi.
Tuman hokimligi ko‘chalar va istirohat bog‘iga kirish eshigi yopilganligi uchun uzr so‘radi, shuningdek, qurilish-ta'mirlash ishlari yakunlanganidan so‘ng tez orada zamonaviy piyodalar yo‘lakchasi, velosiped yo‘laklari va madaniy hordiq chiqarish uchun infratuzilmaga ega ko‘cha bo‘ylab harakatlanishga va’da berdi.