Noodatiy, ammo kerakli gadjetlar

E’lon qilingan sana· 355
Noodatiy, ammo kerakli gadjetlar

Hayotimizda oʻzgarishlar, yangiliklar shu darajada koʻpayib ketdiki, ularni kuzatib, oʻrganib ulgurmayapmiz. Odamlarning ogʻirini yengil qiladigan, ularga qulaylik va kreativ yechimlar taklif qiladigan mahsulotlar ham ommalashib bormoqda.

Masalan, hozir deyarli hammaning uyida Wi-Fi bor, ammo u ba'zi xonalarda yaxshi ishlamasligi mumkin – bu muammoni ham birgina kichik qurilma bilan hal qilish mumkin. Ammo mana shunday kerkali mahsulotlar haqida koʻpchilik bilmasligi mumkin. 

Afisha.uz inson kundalik hayotida kerak boʻladigan noodatiy, ammo kerakli boʻlgan bir nechta mahsulotni bir joyga jamladi.


Noutbuk "podstavka"si

Telefon uchun ushlagichlar, "podstavka"lardan faol foydalanamizu, lekin noutbuk stolni ustida turaveradi. Noutbuk "podstavka"si bir muncha qulaylik yaratadi: tik holatda oʻtirib, bel, boʻyin ogʻrigʻini oldini olish mumkin; klaviaturada bilan osonlashadi; kompyuter qizib ketmaydi (maxsus sovutgichli turi ham bor).

Bu mahsulot turi va hajmiga qarab narxida farqlanishi mumkin. "Podstavka"larni istalgan oflayn yoki onlayn doʻkonlardan xarid qilish mumkin. Narxi: taxminan, 100-200 ming soʻm. 


3 tasi 1 da ushlagich

Keling, "podstavka"lardan uzoqlashmay turib yana bir super qulay mahsulotni yozaylik. Hozir aksariyat smartfonlar simsiz quvvatlanadi, qoʻshimcha aksessuarlar – soat va simsiz quloqchinlar ham shunday. Ularni bir joyda tartibli saqlash va quvvatlash uchun ajoyib qurilmalar bor, masalan, birdaniga uchchalasiga uchun "podstavkalar".

Yuqoridagi suratda koʻrinib turganidek, unga telefon, soat va quloqchinlarni qoʻyish mumkin. Bu narsa sizning ish stolingizga tartib olib keladi, ham barcha gadjetlar quvvatlangan holatda turadi. Xullas, ajoyib! Gadjet turi va sifatiga qarab narxida farq qilishi mumkin: 300-700 ming soʻm diapazonida.


Klaviatura tozalagich

Kompyuter, ish stoli mavzusidan uzoqlashmaymiz: yuqoridagi qurilmalar bilan birga stolingizda albatta turishi kerak boʻlgan mahsulot – bu klaviatura tozalagich. 

Kompyuter, noutbuk klaviaturasi juda tez chang boʻladi yoki kichkina narsalar kirib qolib, yaxshi ishlamay qolishi mumkin. Shu sababli ularni tozalab turish kerak boʻladi, bu uchun esa maxsus kichik tozalagichlar bor (ammo baribir maslahat – kompyuter yonida ovqatlanmang).

Ularning ba'zilari koʻp funksiyali boʻlib, ekran, quloqchin va shunga oʻxshash kichik narsalarni tozalash imkoniyati ham boʻlishi mumkin. Bunday tozalagichlarni istalgan doʻkondan arzon narxlarda topish mumkin. Narxi taxminan 50 ming soʻm atrofida.


Wi-Fi signalini uzaytirgich (repiter)

Bugungi kunda koʻpchilikning uyida Wi-Fi bor, busiz tasavvur qilish ham qiyin. Ammo kattaroq xonadonlarda kichik bir muammo kuzatilishi mumkin: signal hamma xonagacha bir xil yetib bormaydi. Ayniqsa, Wi-Fi yaxshi ushlamaydigan xona sizniki boʻlsa, alam qiladi.

Bu muammoni kichkina qurilma bilan hal qilish mumkin. Wi-Fi signalini uzaytirgichni shunchaki xonangizga yoki unga yaqin joyga qoʻyasiz va u endi yana qoʻshimcha diapazonga xuddi shu Wi-Fi'dan internet uzatib turadi. Ulanish juda oson. Narxi ham 150-200 ming soʻm atrofida boʻladi. 


Smart TV Box

Zamonaviy televizorlar ham aqlli boʻlib, Wi-Fi'ga ulanadi va turli servislarni qoʻllab-quvvatlaydi. Ammo oddiy televizorlar ham kam emas. Agar sizning televizoringiz smart boʻlmasa, yechim – Smart TV Box.

Qisqa qilib aytganda, bu oddiy televizorlarni "smart" qilib beradi. Ya'ni ushqu qurilma orqali televizoringizda YouTube, Netflix kabi onlayn platformalarni ham tomosha qilishingiz mumkin boʻladi. Hajmi ham kichkina boʻladi, televizor yonida halal bermaydi.

TV Box'larni oflayn va onlayn doʻkonlardan 500 ming - 1 mln soʻm diapazonda topish mumkin. 


Kapuchinator

Kofe – kunni boshlash uchun ideal ichimlik. Koʻpchilik kunlik kofe dozasini olmasa, oʻzini yaxshi his qilmaydi. Kofesevarlar uchun ajoyib qurilma bor – kappuchinator – qahva uchun sut ko‘pirtirgich. 

U juda kichkina boʻlib, ichimlik ichiladigan idishning oʻzida ishlatiladi. Narxi ham juda hamyonbop: doʻkonlardan uni hajmi va turiga qarab 50-100 ming soʻmga topshingiz mumkin. 


Mini proyektor

Agar biror narsa tomosha qilish uchun telefon ekrani kichiklik qilayotgan boʻlsa yoki xonangizga oʻzgacha vayb berishni xohlayotgan boʻlsangiz, mini proyektor sotib olishingiz kerak. U orqali siz videoni translyatsiya qilib, xona devorida katta ekran xosil qilishingiz mumkin. 

Bu qurilmaning yana bir qulay tomoni shundaki, uni bemalol boshqa joylarga ham koʻtarib yurish mumkin, katta joy egallamaydi. Uni doʻkonlardan hajmi va turiga qarab 500 ming - 1 mln soʻmga xarid qilishingiz mumkin. Ha aytgancha, popkorn olishni unutmang.