Toshkent metropoliteniga yana 100 dan ortiq vagon olib kelinadi
Toshkent metropoliteni matbuot xizmati yangi vagonlar xarid qilish rejalari haqida ma’lum qildi. 2024-yil oxirida 48 ta, 2025-yilda esa yana 56 ta zamonaviy metro vagonlarini olib kelish rejalashtirilgan. Buning natijasida mavjud harakat tarkibi yangilanadi va liniyalardagi poyezdlar orasidagi interval qisqaradi.
Yangi vagonlar kelishi bilan poyezdlar soni ko‘payadi va shu tufayli Chilonzor, O‘zbekiston, Yunusobod va “O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligi” yer usti halqa yoʻli poyezdlar harakati oralig‘i qisqaradi. Bunda hozirgi 9, 4 daqiqadan 2−3 daqiqagacha qisqartirish rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, 2021-yilgacha 36 ta poyezd harakatlangan bo‘lsa, so‘nggi 3 yil davomida zamonaviy turdagi 29 ta yangi harakat tarkiblari xarid qilinib, 2024-yilga kelib, poyezdlarning soni 65 taga yetkazilgan. Shu bilan birga yangi metro poyezdlari bilan birga xizmat muddatini o‘tib bo‘lgan 21 ta harakat tarkibi xizmat ko‘rsatmoqda. Yo‘lovchilar soni keskin oshishi bu metro poyezdlariga tushadigan yuklamani ko‘payishiga olib kelmoqda.
Ta’kidlanishicha, 2016-yil davomida Toshkent metropoliteni 52 mln. aholiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 172 millionni tashkil qildi, Mo‘ljalda 2024-yil yakuniga qadar 209 million yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilishi kutilmoqda. 2021-yil bir kunda 280−300 ming yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatgich 920−930 mingni tashkil qilmoqda. 2024-yil yakunigacha metrodan foydalanuvchi yo‘lovchilar soni bir kunda 1 mlnga yetishi kutilmoqda.
“Toshkent metropoliteni” DUK shu oʻrinda metro foydalanuvchilariga murojaat qilib, Harakatlanish vaqtida o‘zaro hurmatni saqlash, poyezd ichidagi yo‘lovchilar chiqib ketguniga qadar kirish uchun vagon eshiklari oldida turmaslik, manzilga kelgach poyezddan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilish, vagon eshiklariga suyanmaslik, shaxsiy buyumlarni vagon va metro hududida qoldirmaslikni soʻradi.
“Bularning barchasi oraliq intervallarining reja asosida amalga oshirilishini ta’minlashga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi”, deyiladi xabarda.