Foto: Borsakelmasda xalqaro eko-marafon oʻtkazildi
14−15-sentyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi noyob tabiiy maskan — Borsakelmas hududida “Sayyoramiz kelajagiga qo‘shgan hissamiz” xalqaro eko-marafoni bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan ProRun yugurish maktabi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Marafonda rekord darajadagi — O‘zbekiston, Hindiston, Keniya, Togo, Sudan, Iordaniya, Ispaniya, Kanada, Daniya, Belarus, Rossiya kabi 11 davlatdan 250 nafar professional va havaskor yuguruvchi ishtirok etdi.
Yuguruvchilar orasida Nike kompaniyasining musulmon ayollar oʻrtasida yugurishni targʻib qiluvchi elchisi Farah Majid va Adidas vakili Gʻani Sulaymon ham bor.
Ishtirokchilarning turli davlatlardan ekanligi tadbirning xalqaro maqomga ega ekanligini va tobora ommalashib borayotganini ko‘rsatadi.
Ta’kidlanishicha, ishtirokchilar xavfsizligi va qulaylikni ta’minlash maqsadida marafonni tashkil etishga 200 kishi jalb etildi.
Ikki kunlik tadbir dasturida o‘tov lagerida joylashtirish, madaniy dastur, etno-shou, Borsakelmas sho‘rxok hududiga sayohat, 42 km marafon, 21 km yarim marafon va 5 hamda 10 km masofaga yugurish o‘rin oldi.