1 million soʻm evaziga Chimkent va Bishkekka sayohat

E’lon qilingan sana· 935
1 million soʻm evaziga Chimkent va Bishkekka sayohat

Yaqinda men bir narsani tushunib qoldim: sayohat aslida unchalik qimmat emas ekan. Faqatgina u avvaldan rejalashtirilgan va barchasi unga muvofiq ketsa.

Esingizda boʻlsa, 10-sentyabr kuni futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionati 3-saralash bosqichi 2-turida Qirgʻizistonga qarshi oʻyin oʻtkazib, safarda irodali gʻalabaga erishdi.

Afisha.uz muharriri, ya’ni men — Mirjalol Qosimov ushbu uchrashuv bahonasida doʻstlarim bilan ikkita shahar — Chimkent va Bishkekka sayohat qilib keldim. Ha, bu maqola unchalik qiziq boʻlmasligi mumkin, lekin 2 ta shaharni kezishga qanday qilib atigi 1 million soʻm sarflaganim qiziq boʻlishi aniq. Bu safar aynan shu safar haqida aytib beraman.


Eng qiyini — yigʻilish

Doʻstlarni bir joyga yigʻish juda mushkul ish. Ayniqsa, chet el safariga. Hammaning vaqti toʻgʻri kelishi, rejalarini bir chetga surib turishi amri mahol. Lekin bu safar men va yana 4 nafar doʻstimda hammasi oʻxshab ketdi, hammasi birdan tashkillashtirildi, rejalashtirildi va tavakkal yoʻlga chiqildi.

Bizda ikkita yoʻl bor edi: Chimkent orqali va Andijon orqali. Birinchisi 10 soat, ikkinchisi 15 soatga yaqin. Tabiiyki, biz kamroq vaqtlisini tanladik va bundan afsuslanganimiz yoʻq (desak ham boʻladi).


Toshkent-Chimkent-Bishkek marshruti

Navigator bizga 9 soatdan sal oshiqroq vaqt yetib borasizlar, dedi, lekin chegaradagi va boshqa toʻxtalishlar biz manzilga 13 soatda yetdik. Qozogʻiston chegarasida koʻproq vaqt — 2 soatcha yoʻqotdik. Mana shuni hisobga olish zarur. Bu chegarani unutmang, unga hali yana qaytamiz.

Aytgancha, asosiysini aytmabman — biz shaxsiy mashinada edik. Chegaradan oʻtish ham shu sababli biroz qiyin boʻldi. Shu joyida maslahat: mashinaning barcha hujjatlarini toʻgʻrilab qoʻying, aks holda qozogʻistonlik bojxonachilar sizni oʻtkazmasligi mumkin. Masalan, bizda mashina egasining yaqin qarindoshlari ishonchnomasiz avtomobilni boshqarishi mumkin, ammo qoʻshnilarimizda unday emas ekan, ishonchnoma kerak boʻladi.

Kechasi 00:00 da yoʻlga chiqqandik, 40 daqiqalarda “Gʻishtkoʻprik”, xalq tili bilan aytganda “Chernyayevka” chegara-oʻtkazish punktiga yetib keldik. Yoʻlovchilar piyoda tekshiruvlardan oʻtgandan keyin haydovchi doʻstimizni kuta boshladik. Obdon tekshiruvlardan keyin 02:30 larda chiqib keldi va biz yoʻlga tushdik.

Chimkentga kiraverishda sugʻurta qilish zarur ekan. Bu onlayn bajariladi va sizning oʻrningizga buni qilib beradiganlar chegara yaqinida yetarlicha topiladi. Bu bizga 350 ming soʻmga tushdi (hammaga turlicha narx chiqishi mumkin). Shu yerning oʻzida Qozogʻiston sim kartasini ham sotib oldik. 130 ming soʻm evaziga bir oylik cheksiz internet va qoʻngʻiroqlar.

Maslahat: chetga chiqishdan oldin siz e-sim xarid qilib qoʻysangiz ham boʻladi, shunda jismoniy sim karta sotib olish shart boʻlmaydi. Doʻstlarimda e-sim ham bor edi. Ular onlayn xizmatlardan gigabaytlar xarid qilishdi. Ushbu xizmatlardan biri “Airalo”. Unda Qozogʻiston uchun 1 GB internet narxi 4,5 dollar turadi (hududga qarab farq qilishi mumkin), toʻlov Visa karta orqali.

Endi bizni faqat yoʻl kutib turardi. Qozogʻiston yoʻllari tekis, mashinalar kam. Bemalol harakatlanish mumkin. Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan mashinalarga ham jarima yoziladi, ehtiyot boʻling.

Yoʻlda faqatgina tabiatni koʻrib ketasiz, koʻzlar dam oladi. Toʻxtab, suratga tushishingiz uchun juda ajoyib joylar uchraydi: adirlar, baland-baland togʻlar, yashillik, mol-qoʻylar, xullas, qozoq eli kengliklari.


Chimkent-Bishkek yoʻnalishidagi manzara

Taxminan mana shunday koʻrinishdagi yoʻllardan yana 8−9 soat yurgandan soʻng (orada yoʻl-yoʻlakay nonushta qilindi — bir kishi uchun taxminan 50 ming soʻmdan tushdi), tushga yaqin biz Qozogʻiston-Qirgʻiziston chegarasini kesib oʻtdik. Bu, tushunishim boʻyicha, piyodalarga umuman qiyinchilik tugʻdirmaydi, mashina bilan oʻtish esa biroz vaqt oladi. Shu sababli biz mashinani Qozogʻiston hududida qoldirishga qaror qildik. Avtoturargoh narxi bir sutka uchun 1000 tenge, ya’ni 26−27 ming soʻm ekan.


Qirgʻiziston-Qozogʻiston chegarasi yaqinidagi bayroq

Bu yerdan Yandex orqali miniven taksi buyurtma qilib, shahar markazigacha, aniqrogʻi, stadiongacha yetib oldik. Bu bizga 100 ming soʻmga tushdi. Maslahat: chegara yaqinidagi taksistlar bilan gaplashish oʻrniga Yandex Taksi buyurtma qilganingiz sizga arzonroqqa tushadi.

Men va yana bir doʻstimda JCh 3-saralash bosqichi oʻyinlariga akkreditatsiya boʻlgani sababli chipta masalasi bizni unchalik oʻylantirmadi. Va yakunda qolgan doʻstlarimizga ham “oq boʻrilar” muxlislari sektoridan bepulga chipta qoʻlga kiritdik. Uchrashuvga chiptalar 150 ming soʻmga sotilayotgandi.


Uchrashuvdan oldin stadion atrofida bayroq sotib turganlar juda koʻp uchrardi

Hammasi hal, oʻyin boshlanishiga 4−5 soat vaqt bor, endi mehmonxonamizga joylashsak boʻladi. Biz mehmonxonani avvalroq Booking.com servisi orqali bron qilgandik. Bitta uch, bitta ikki kishili xona bizga 68 dollar, ya’ni 860 ming soʻmga tushdi, har bir kishiga esa bor-yoʻgʻi 170 ming soʻmdan tushdi.

Mehmonxonani qoniqarli deb baholash mumkin. Puliga arziydi.

Lekin Bishkekda bir gʻalatiroq hodisani payqadik. Stadiondan mehmonxonagacha boʻlgan masofa 2 km edi. Tirbandliklar sabab piyoda borishga qaror qildik, lekin mana shu 2 km masofa xuddi 4−5 kmdek tuyuldi. Bu infrostruktura yaxshi rivojlantirilmaganidan darak boʻlsa kerak, menimcha. Buni doimiy tirbandliklar ham aytib turibdi.


Qirgʻiz iqtisodiyot universiteti binosi

Xullas, mehmonxonaga joylashib, biroz dam olgandan keyin qorin gʻamini yeyishni boshladik. Vaqt kamligi sababli KFC yeyishga qaror qildik, mahalliy oshxonani sinab koʻrolmadik. Qirgʻizistondagi KFC’da setlar deyarli bir xil, lekin tanlov koʻproq, setlardagi achichiq oyoqchalar ularda saqlanib qolgan ekan. Narxlar biroz qimmatdek tuyuldi: masalan, set narxi 96 ming soʻm boʻldi, lekin Toshkentdagidan toʻyimliroq edi.

Undan keyin stadionga yoʻl oldik. Xabaringiz bor, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi safarda irodali gʻalabaga erishdi. Bu gʻalabaning e’tiborli jihati shundaki, Srechko Katanes qoʻl ostidagi Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 1 kalendar yilida umuman yutqazmadi (koʻz tegmasin, tuf-tuf-tuf).


Foto: Oʻzbekiston futbol assotsatsiyasi

Oʻzbekiston oxirgi magʻlubiyatini 2023-yilning 10-sentyabrida AQSh termasidan qabul qilib olgan edi. Shundan soʻng Katanes shogirdlari 18 ta oʻyindan maydonga tushib, magʻlubiyatga uchramadi. Osiyo Kubogidagi Qatardan penaltilar seriyasidagi yutqaziq rasman durang sifatida qayd etilgan. Milliy jamoaning keyingi uchrashuvi 10-oktyabr kuni Toshkentda Eronga qarshi boʻlib oʻtadi.

Xoʻp, endi ortga qaytamiz. Kayfiyat chog' holda mehmonxonaga qaytdik. Erta tongda ortga qaytishimiz zarur. Tongda yana 100 ming soʻmga miniven chaqirib, chegaragacha yetib oldik, u yerdan esa muammosiz Qozogʻistonga oʻtib oldik.


Qirgʻiziston-Qozogʻiston chegarasi yaqinidagi manzara

Xuddi oʻsha yoʻl, oʻsha manzaralar bilan ortga qaytdik va Chimkentda toʻxtadik. Tushlik qilinmagani sababli “Burger King” burgerlaridan yeyishga qaror qildik va bu bizga 100 ming soʻmdan tushdi.

Shundan soʻng Chimkentdagi asosiy joylar va savdo markazlarini aylandik. Sovgʻa-salom, mayda-chuyda uchun yana 100−200 ming soʻm ketib qoladi.

Endi asosiy xarajat haqida: shaxsiy mashina, albatta, benzin talab qiladi. Biz safar davomida besh marta benzin quyishga toʻxtadik, ularning hammasida ham toʻliq emas, ammo 4 ta toʻliq bak deb hisoblash mumkin.


Chimkent-Bishkek yoʻli

AI-92 benzinining 1 litri Qozogʻistonda taxminan 5500 soʻmni tashkil qiladi, shundan kelib chiqib, bizning benzinga ketgan xarajatlarimiz 1 million soʻmdan sal oshiqroq boʻldi. Bu har bir kishiga 200 ming soʻmdan degani.

Shunday qilib, Chimkentdan Toshkentga qarab yoʻlga tushdik. Sayohatning eng qiyin joyi mana shu yerda boshlandi: chegara-oʻtkazish punktida 7 soat navbat kutib qolib ketdik. Yuqorida aytganimdek, piyoda oʻtish muammo emas.

Sayohat qiling. U bunga arziydi.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov