Toshkent va Fukok orollari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda
9-sentyabr kuni Toshkent shahrida joylashgan “InterContinental Tashkent” mehmonxonasida Vetnam Respublikasining turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.
Mazkur forum ikki davlat o‘rtasida sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini Vetnamda targ‘ib qilish va O‘zbekiston-Vetnam turizm sanoati vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga bag‘ishlandi.
Biznes-forum O‘zbekistonning “Prestige Travel” kompaniyasi tashabbusi bilan Turizm qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda joriy yilning 27-oktyabr sanasidan boshlab Toshkent va Vyetnamning Fukok orollari o‘rtasida “Uzbekistan airways” aviakompaniyasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareyslar faoliyati yo‘lga qo‘yilayotganligi ma’lum qilindi.
Ta’kidlanishicha, Muntazam ravishda haftada ikki marotaba amalga oshiriladigan reyslar orqali Vyetnamdan mamlakatimizga sayyohlar oqimining oshirilishi, shuningdek, uchinchi davlat fuqarolarining Oʻzbekiston orqali Fukok orollariga yetib olishlari uchun qulay imkoniyatlar yaratiladi.
Ma’lumotga koʻra, 2023-yilda Vetnam Respublikasidan O‘zbekistonga 2 mingga yaqin turistlar kirib kelgan, joriy yilda esa bu ko‘rsatkich bir necha karra ortishi kutilmoqda.