Shahrisabz aeroporti 20 yildan so‘ng fuqaro aviatsiyasi uchun ochildi
11-sentyabr kuni Shahrisabz mahalliy aeroporti fuqaro aviatsiyasining parvozlari uchun o‘z faoliyatini tikladi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Airports.
“Silk Avia” aviakompaniyasining Toshkentdan ilk parvozi mahalliy vaqt bilan soat 13:10 da aeroportga borib qo‘ndi. Parvoz vaqti 1 soat 30 daqiqani tashkil etdi. An’anaga ko‘ra, L410 rusumli samolyot suv arkasi bilan, birinchi yo‘lovchilar esa karnay-surnay sadolari ostida tantanali ravishda kutib olindi.
Aeroportga parvozlar deyarli 21 yildan soʻng qayta yoʻlga qoʻyilgan. Shahrisabz aeroporti 2003-yilning noyabr oyida yopilgan edi.
Shahrisabzdan 5 km janubi-g‘arbda qurilgan mazkur aeroport 1983-yilda ochilgan. 1983−1996 yillarda Toshkent-Shahrisabz yoʻnalishi boʻyicha parvozlar yoz oylarida haftasiga 4 marta, kuz-qish mavsumida esa 3 marta amalga oshirilgan, shuningdek, Urganch-Shahrisabz yoʻnalishi boʻyicha ham samolyotlar haftasiga ikki marta parvoz qilgan. 1993−1995 — yillarda Toshkent — Qarshi — Shahrisabz yoʻnalishida parvozlar amalga oshirilgan. Havo qatnovlari An-2, An-24, Yak-40, RJ-85 rusumli samolyotlarda amalga oshirilgan.
Ayni paytda aeroport fuqaro aviatsiyasi parvozlariga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega. Uzunligi 1554 m va eni 35 m boʻlgan uchish-qoʻnish yoʻlagidan, ikkita samolyot va toʻrtta vertolyot turish joyiga ega aerodrom quyidagi turdagi samolyotlarni sigʻdira oladi: ATR-42, ATR-72, L-410 va barcha turdagi vertolyotlar. Aeroport majmuasi soatiga 100 yoʻlovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.