Ozodbek Nazarbekov "Qirgʻiz Respublikasi xalq artisti" boʻldi
Qirgʻiz Respublikasi prezidenti Sadir Japarov “Qirg‘iz Respublikasining faxriy unvonlarini berish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi. U bilan ikki davlat o‘rtasida madaniyat va san’at sohasida do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shgan insonlar taqdirlandi.
Mazkur farmon bilan Oʻzbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov “Qirgʻiz Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbekiston milliy musiqa san’ati institutining “An'anaviy maqom ijrochiligi” kafedrasi katta o‘qituvchisi Farangiz Mahmudovaga “Qirg‘iz Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni berildi.
Oʻz navbatida Shavkat Mirziyoyev “Qirg‘iz Respublikasining madaniyat va san’at sohalari vakillaridan bir guruhiga faxriy unvonlar berish to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Unga koʻra, T.Satilganov nomidagi Qirg‘iz milliy filarmoniyasining estrada-simfonik orkestri badiiy rahbari va bosh dirijori Omurbayev Nur Santashevich “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan, Qirg‘iz Respublikasidagi erkin ijodkor, komuz sozandasi Duyshenbek uulu Zakirbek “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.