Toshkent aeroportida Hardee's, Pizza Hut, Samsonite kabi yirik jahon brendlari ish boshlaydi
Toshkent xalqaro aeroportidagi uchib ketish terminalining “steril” hududida, “Art Bazaar"ning chap tomonida fudkort qurilishi boshlangan, u yerda bir vaqtning oʻzida bir nechta brendlar taqdim etiladi, deya xabar bermoqda “Uzbekistan Airports” axborot xizmati.
Ochilishi rejalashtirilgan brendlar qatorida “The Border by Teriyaki”, “Hardee's”, “Pizza Hut”, “La Croissanterie” va “Pinkberry” kabilar bor. Shuningdek, Duty Free doʻkonida yaqin kelajakda “Bikkembergs”, “Cerutti”, “Samsonite”, “American Tourister”, “BRICS”, “Tommy Hilfiger”, “Calvin Klein”, “Tissot”, “Frederik Constant”, “Moris Lacroix”, “Miu Miu” va “Jacquemus” kabi brendlar faoliyat boshlashi kutilmoqda.
Aeroportda oʻshimcha maydonning qurilishi umumiy joʻnash zalini B5-B6-B7 chiqish joylari bilan ulash imkonini berdi. Bundan tashqari, kelgusida quyi chiqish joylariga olib boruvchi alohida galereya qurish mumkin bo‘lishi, bu esa kelayotgan va ketayotgan yo‘lovchilar oqimini ajratish va qo‘shimcha teletraplar o‘rnatish imkonini berishi ta’kidlangan.
Qayd etilishicha, bugungi kunda Toshkent aeroportidagi savdo shoxobchalari 4800 kv.m.ni tashkil etadi.