«Brendga aylangan festival» - «Sharq taronalari»dan reportaj
Samarqand shahrida 26−30-avgust kunlari YUNESKO shafeligida “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali bo‘lib o‘tdi. 1997-yildan buyon Registon maydonida o‘tkazib kelinayotgan an’anaviy musiqa tadbiridan Afisha.uz muxbiri reportaj tayyorladi.
“Sharq taronalari” festivali oxirgi marta 2019-yilda bo‘lib o‘tgan va COVID-19 pandemiyasi sababli to‘xtab qolgandi. Bu yil festivalda dunyoning 80 ga yaqin mamlakatidan 300 nafardan ziyod vakil qatnashdi.
Festivalning 26-avgust kungi ochilish marosimida prezident Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etib, ushbu yirik tadbir o‘z mazmun-mohiyati va ahamiyatiga ko‘ra “Jahon taronalari” festivaliga aylanganini qayd etarkan, “O‘zbekistonning tinchlik-totuvlikka ezgu da’vati” deb atadi.
Prezident “Sharq taronalari” festivalining tarixi va an’analarini, Sharqning boy va rang-barang musiqiy madaniyatiga doir ma’lumotlarni o‘zida mujassam etadigan alohida ensiklopediya va uning virtual shakli — ko‘p tarmoqli axborot platformasini yaratishni taklif qildi. Qomusni tayyorlash, jahonning turli muzey va kutubxonalari, arxiv va fondlarida tarqoq holda saqlanayotgan ma’lumotlarni to‘plash, ularning yagona bazasini yaratish va kelajak avlodlarga yetkazishda ishtirok etishga chaqirdi.
“Afsuski, mana shunday noyob taronalar ko‘pincha faqat bir anjuman doirasida yangraydi, xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilinmaydi. Shu bois festivalimizning barcha g‘olib va sovrindorlari ishtirokida dunyo mamlakatlarining nufuzli sahnalarida katta-katta konsert dasturlarini namoyish etish taklifini bildirsam, o‘ylaymanki, sizlar ham bu fikrni qo‘llab-quvvatlaysizlar”, — deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.
Festival dasturiga asosan, 27−28-avgust kunlari “Sharq xalqlari musiqa madaniyati: globallashuv jarayonlarida ijodiy uyg‘unlashuv tamoyillari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi. Unda 32 ta davlatdan 50 dan ortiq soha mutaxassisi: musiqashunos, folklorshunos, madaniyatshunos olimlar, nufuzli oliy ta’lim muassasalari rektorlari va xalqaro ilmiy tadqiqot institutlari rahbarlari ishtirok etdi.
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov OAV vakillariga bergan intervyusida “Sharq taronalari"ning qay darajada ahamiyatli ekanligi xususida so‘z yuritdi.
“2019-yilda ayrim sabablar bilan “Sharq taronalari"ni o‘tkazish to‘xtab qolgandi. Besh yil davomida dunyoning turli nuqtalaridagi festivalning ashaddiy muxlislari va ishtirokchilari tomonidan “Nega festival bo‘lmayapti?”, mazmunida har xil arizalar, takliflar kelib tushdi. Bu gal festivalni Registondan boshqa joyda, hatto o‘zga viloyatda o‘tkazishni ham rejalashtirgandik. Lekin yuqorida aytganimdek, e’tirozlar, takliflar bildirilgani sabab “Sharq taronalari” Registon bilan muhimligi hamda dunyoga ahamiyatli ekanligini tushunib yetdik. Ekspertlar bilan maslahatlashib, ularning xulosasi asosida, Registonda o‘tkazishga qaror qildik. Ovoz kuchaytirgichlarni bizga belgilab berilgan me`yordan oshirmagan holda, hatto yana 30 foizga pasaytirib o‘tkazdik”, — dedi u.
Uning aytishicha, “Sharq taronalari” o‘z muxlislarini topgan va brendga aylana olgan festival hisoblanadi.
“Festivalning ochilishi birinchi marta jonli ijroda bo‘ldi. Bu o‘ziga yarasha juda ko‘p qiyinchiliklarni tug‘dirishi tabiiy. Chunki maydon ochiq va ovozni tinglovchiga yetkazib berish qiyin kechadi. Agar kuzatsalaringiz, katta-katta konsertlar doim ham ochiq maydonlarda o‘tkazilmaydi, ko‘pincha yopiq joylarda bo‘ladi. Chunki yopiq maydonlarda jonli ijroda konsert qilish imkoniyatlar nuqtayi nazaridan biroz yengil. Ochiq joylarda jonli dasturlar qo‘yishning mashaqqati katta va biz buni uddaladik, deb o‘ylayman. Juda chiroyli chiqishlar bo‘ldi, ayniqsa, yoshlarning o‘ziga ishonib dadillik bilan jonli ijro qilayotgani meni quvontirdi. Kamchiliklarimiz biz san’at vakillari va tashkilotlarga bilindi xolos, buni muxlislar sezgani yo‘q nazarimda”, — dedi Ozodbek Nazarbekov.
27−28-avgust kunlari soat 19:00 da Registon maydonida 27 ta davlatdan kelgan 50 ga yaqin festival ishtirokchilari: ijodiy guruh va xonandalar o‘rtasida ko‘rik-tanlov o‘tkazildi. Ularning chiqishlarini xalqaro hay’at a’zolari baholab bordi.
Festival Gran-prisini Ozarbayjonning “Semurg” musiqa guruhi qo‘lga kiritdi.
Birinchi o‘rin “Turkmaniston musiqiy milliy” jamoasiga, ikkinchi o‘rin Qozog‘iston va O‘zbekiston vakillariga nasib etdi.
Uchinchi o‘ringa esa Mo‘g‘uliston, Yaponiya va Rossiya vakillari loyiq deb topildi.
Tanlov nizomiga ko‘ra, g‘oliblar tashkiliy qo‘mita tomonidan diplom, statuetka va quyidagi miqdorlarda pul mukofotlari bilan taqdirlandi:
- “Gran-pri” — 10 000 dollar;
- I o‘rin — 5000 dollar;
- II o‘rin (har bir yo‘nalish bo‘yicha) 2×3500 — 7000 dollar;
- III o‘rin (har bir yo‘nalish bo‘yicha) 3×2000 — 6000 dollar.
Bundan tashqari, tashkilotchi, ijodiy uyushmalar, jamg‘armalar va boshqa tashkilotlarning mustaqil hay’at a’zolari hamda muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan qatnashchilar “Eng yosh ishtirokchi”, “Muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan eng yaxshi ishtirokchi”, “Eng yaxshi cholg‘u musiqasi ijrochisi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha maxsus diplom hamda 500 dollar miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi. Tanlovda qatnashgan, ammo sovrindor bo‘lmagan ishtirokchilarga “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali faol ishtirokchisi sertifikati berildi.
Suratlar Madaniyat vazirligi axborot xizmatidan olindi.