Toshkentning Temur Malik ko‘chasida yangi yo‘l o‘tkazgich ochildi

E’lon qilingan sana· 170
Toshkentning Temur Malik ko‘chasida yangi yo‘l o‘tkazgich ochildi

Toshkent shahrining Temur Malik ko‘chasidagi yangi yo‘l o‘tkazgich foydalanishga topshirildi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati. Ko‘chaning “Lokomotiv” bog‘idan Mingbuloq ko‘chasi bilan chorrahagacha bo‘lgan qismi rekonstruksiya qilindi va kengaytirildi.

Ta’kidlanishicha, Toshkent halqa yo‘li poytaxtdagi eng uzun va keng ko‘cha. Faqat uning Mirzo Ulug‘bek tumanidan o‘tgan bir qismi tor bo‘lib, hozirgi talabga — kuniga 45−50 mingta avtomashina qatnoviga mos kelmay qolgan. “Shu bois ushbu yo‘l kengaytirilib, qayta qurildi”, deyiladi xabarda.

Mazkur yo‘l poytaxt va Toshkent viloyatining bir qancha tumanlarini bog‘laydi. Soʻnggi yillarda unga yuk sezilarli darajada oshdi. Buni hisobga olib, bu yerda zamonaviy transport yechimlari qo‘llanilgan. To‘rt kilometr yo‘l asfalt-beton bilan qoplangan. Yo‘l qismi sezilarli darajada kengaytirildi va 6−8 qatorga ko‘tarildi. Shuningdek, to‘rtta yer osti yo‘laklari, piyodalar va velosiped yo‘llari qurildi.

Ta’kidlanishicha, o‘ziga xos yechimlar asosida 3 ta qayrilib olish hamda 18 ta kesishmalarda qo‘shilib olish joylari tashkil etildi. “Bu haydovchilarga qulaylik yaratishi va tirbandlikni kamaytirishning muhim omiliga aylanishi kerak”, deyiladi xabarda.

Temur Malik ko‘chasining Buyuk Ipak yo‘li bilan kesishgan joyida yig‘ma temir konstruksiyalardan yo‘l o‘tkazgich qurildi — bu usul O‘zbekistonda ilk bor qo‘llanilgan. Uning qurilish muddati boshqa koʻpriklarning yarmini tashkil qiladi. Xizmat muddati yuz yildan ortiq ekani aytildi.

Davlat rahbari 29-avgust kuni rekonstruksiya qilingan hududda bo‘lib, transport va piyodalar uchun yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi, shuningdek, yangi yo‘l va inshootlar Mustaqillik bayramiga munosib tuhfa ekanini ta’kidladi. Prezident, shuningdek, xalq farovonligini oshirishga qaratilgan bunyodkorlik ishlari davom etishini ta’kidladi.