"Tarixiy" yugurish musobaqasi – "Bukhara Night Race" qanday oʻtgani haqida bir ogʻiz

E’lon qilingan sana· 1 073
"Tarixiy" yugurish musobaqasi – "Bukhara Night Race" qanday oʻtgani haqida bir ogʻiz

Tasavvur qiling, qadimiy shahar, tarixiy binolar, oqshom, salqinlik va marafon. Bu ketma-ketlik xuddi “mastava va qatiq”, “qaymoq va issiq non” kabi juftliklardek ideal koʻrinadi. Aslida ham shunday. 24-avgust kuni minglab yuguruvchilar ana shunday atmosferani his qilib koʻrdi. Shu jumladan, Afisha.uz muharrirlari ham. Ular quyidagi 2024-yilgi “Bukhara Night Race” yugurish musobaqasi taasurotlari haqida aytib beradi.


24-avgust kuni Buxoroda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan tashkillashtirilgan “Samarkand Marathon” xayriya yugurish musobaqalari turkumidagi “Bukhara Night Race” boʻlib oʻtdi.

Kunlar biroz salqinlashgandi, kechki payt bemalol sport bilan shugʻullanish, yugurish mumkin edi, unchalik mashaqqatli emas. Oʻsha kuni soat 16:00 lardan boshlab Buxoro Arki yonida tashkillashtirilgan start maydonchasi oldida odamlar toʻplana boshladi. Chunki aynan shu paytda plogging (yugurish davomida chiqindi yigʻish) yugurish musobaqasi boshlandi. Ishtirok etishni xohlovchilar oʻsha yerning oʻzida roʻyxatdan oʻtib, shahar tozaligi va oʻz sogʻligiga foydali mashgʻulot bilan shugʻullanishi mumkin edi.

Havo harorati issiq boʻlishiga qaramay, qiziqish yuqori boʻldi. Bu xuddi katta masofaga yugurishdan oldingi tayyorgarlik edi.

Qiziq tarafi shundaki, plogging ishtirokchilari oldingi musobaqalar, jumladan Zomin va Toshkent viloyatida o‘tkazilgan yugurish jarayonida terilgan, qayta ishlangan qopqoqlardan tayyorlangan medallarni esdalikka olishdi.

Bundan bir soat oʻtib, “Bukhara Night Race"dagi eng “mimimi” startlar boshlandi. Bolalar uchun alohida 300 va 600 metrga yugurish musobaqalari oʻtkazildi. Unda 2 yoshdan boshlab chamasi 10 yoshgacha boʻlgan bolalar qatnashdi. Bu biz oʻsha kuni koʻrgan eng chiroyli holat edi. Bu musobaqalarda 100 dan ortiq bolajonlar ishtirok etdi.

Oʻylaymanki, bu bolalar katta boʻlganda bizdan koʻra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtliroq boʻladi (eng kamida muallifdan koʻra).

Marafonning asosiy voqeasi oqshomga rejalashtirilgandi. “Bukhara Night Race"da faqatgina ikkita masofa — 5 va 10 kmga yugurish mumkin edi. Bu havaskor yuguruvchilar uchun ham ideal masofa. Bu yil butun musobaqada 3 mingdan ortiq kishi qatnashdi. Bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan ikki baravar koʻp degani.

Ishtirokchilarning koʻpligi, nazarimda, masofalar qisqaligi va lokatsiyaning oʻziga jalb qilishi bilan bogʻliq. Masalan, “Zaamin Ultra” marafonida 2 km, 10 km, 21 km va 50 km masofalar bor edi. 5 km esa havaskorlar, shu jumladan, men uchun ham ideal edi. Shu sababli men ham “Bukhara Night Race"da qatnashdim.

Musobaqaga roʻyxatdan oʻtish bir necha oy avval boshlangandi, shu sababli menda tayyorlanish uchun ham vaqt boʻldi. 1 oy davomida deyarli ora kunda yugurishga chiqdim, 2, 3, 5, 6 km yugurdim. Shundan ilhomlangan holda Toshkentdagi ba’zi yugurish uchun marshrutlarni ham bir joyga yigʻib chiqdim.

Umumiy chigalyozdi mashgʻulotlaridan soʻng soat 20:00 da, havo ancha salqinlab, yengil shabboda esa boshlaganda 10 kmga yuguruvchilar startga chiqdi. Ular biroz oldingga chiqqandan soʻng 5 km yuguruvchilar uchun ham musobaqa start oldi.

Toʻgʻrisini aytganda, men biroz qiynalishimni kutgandim, lekin tayyorgarlik oʻz soʻzini aytib, 5 km masofani ortiqcha qiyinchiliksiz bosib oʻtdim. Bunga atmosfera, atrofdagi odamlar, sheriklar ham sabab boʻldi. Yoʻlda bir nuqtada salqinlanib olish uchun yuguruvchilarga suv sepib turilar va ichishga suv taqdim etilardi.

Birinchi boʻlmagan boʻlsam ham medal berildi (ha, faqat mengamas, hammaga berildi). Men mingdan ortiq ishtirokchi orasida 36:01 daqiqa natija bilan 308-oʻrinni egalladim. Boshqacha qilib aytganda, men “kuchli 310 talik"ka kirdim.

Gʻoliblar esa quyidagicha boʻldi:

10 K erkaklar:

  1. Petrov Andrey — 30:15;
  2. Fadeyev Yevgeniy — 31:08;
  3. Toshqulov Otabek — 31:56.

10 K ayollar:

  1. Komilova Mohinabonu — 38:47;
  2. Abdumannopova Xayitxon — 38:50;
  3. Komilova Sabrinabonu — 39:38.

5 K erkaklar:

  1. Boymatov Bekzod — 16:01;
  2. Mirsoatov Hasan — 16:13;
  3. Xoʻjamov Dilmurov — 16:23.

5 K ayollar:

  1. Nusratullayeva Sadafbonu — 19:14;
  2. Toʻlqinboyeva Farida — 20:07;
  3. Aminova Dinara — 20:41.

Marafonni yakunlagan ishtirokchilari marraning oʻzidayoq medallar bilan taqdirlandi. E’tiborlisi, bu yil medallar ham oʻzgargan, biroz kattalashgan, uning dizaynida goʻyoki sharif shaharning tarixiy obidalariga ishlatilgan gʻishtlar kabi boʻrtib chiqqan katakchalar tasvirlangandi.

Oʻtgan yilgidan farqli oʻlaroq bu yilgi medallarga fosfor ham ishlatilgandi. Bu tunda oʻtkaziladigan yugurish musobaqasi medali uchun ayni muddao. Soʻng gʻolib va sovrindorlar ham sahnada taqdirlandi va maxsus sovgʻalar topshirildi. Mutlaq hisobdan tashqari yosh toifalari bo‘yicha ham g‘oliblar taqdirlandi.

Bundan keyingi “Samarkand Marathon” xayriya yugurish musobaqalari turkumidagi yugurish musobaqasi Samarqandda boʻlib oʻtadi. Unga allaqachon roʻyxatdan oʻtish jarayoni boshlandi. Unda 2, 5, 10, 21,1 va 42,2 km masofalarda yugurish mumkin. Kim biz bilan boradi? Finishda koʻrishguncha!

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov