Samarqanddagi Boqiy shahar hozir qanday koʻrinishga ega? 2024-yilgi sayohat

E’lon qilingan sana· 2 182
Samarqanddagi Boqiy shahar hozir qanday koʻrinishga ega? 2024-yilgi sayohat

Samarqand shahrida 2022-yilning kuzida Eshkak eshish kanali yaqinida “Boqiy shahar” nomli noyob sayyohlik majmuasi ochildi. U O‘zbekistondagi zamonaviy tasviriy san’atning ko‘zga ko‘ringan namoyandalaridan biri Bobur Ismoilov loyihasi asosida qurilgan. 2022-yil yozida Bobur Ismoilov Afisha.uz'ga bergan intervyusida Sharq gavhariga sayohatning yangi konsepsiyasi va mintaqa uchun diqqatga sazovor majmua yaratishda ishtirok etishning shaxsiy tajribasi haqida gapirib bergan. Shuningdek, etnografik bog‘ning ilk suratlarini ham namoyish etgandik.

Bu yil biz saytda “O‘zbekistondagi turizm” bo‘limini ishga tushirib, Samarqandga elektromobilda sayohat qilishga qaror qildik, shuningdek, 2024-yilda “Boqiy shahar” qanday o‘zgarganini koʻrib keldik va quyida oxirgi oʻzgarishlar haqida gapirib beramiz.

"Oʻzgarishlardan hayratda qoldik", deyish biroz balandparvoz eshitilishi mumkin, lekin haqiqat shuki, bu yerda oʻz ishiga sodiq qolgan mutaxassislarning ulkan mehnatini koʻra olasiz. 

Ish kunlari ham mehmonlar oqimi kamaymaydi, nafaqat sayyohlar, balki samarqandliklarning o‘zlari ham salqinlikda, O‘zbekistonning turli viloyatlarining taomlaridan bahramand bo‘lish, qayiqlarda sayr qilish yoki dam olish kunlari ochiq havoda diskotekada raqsga tushish uchun kelishadi. 

Toʻgʻrisi, men u yerga oldin biror marta ham bormagan, faqatgina suratlaridan taassurot olgan kishi sifatida u yer faqatgina "bir martalik joy", tadbirlar boʻlmagan taqdirda huvillab qoladigan maskan deb bilardim. Mana shu safar tufayli birinchi marta "Boqiy shahar"ga bordim va yuqoridagilarni hisobga olgan holda, u joy meni hayron qoldirdi: odam gavjum, oʻsha mashhur aylanuvchi sahna yaqinida yuzlab odam toʻplanib, turli shoʻx musiqalarga oʻynayapti, qayiqda uchish uchun navbat shakllangan, xullas, samarqandliklar va mehmonlar dam olish kunlaridan zavqlanyapti. Bu ajoyib! Onlayn shakllangan tasavvur yolgʻonchi boʻlib chiqdi va bundan xursandman. 

Shaharchada turli viloyatlarning milliy taomlarini taklif qiluvchi ko‘plab restoranlar ochilgan, Hakim aka koʻz oʻzingizda o‘sha mashhur samarqand nonini yopadi, “Afrosiyob” restorani taomnomasini muntazam yangilab turadi: masalan, shu yozdan boshlab endi bu yerda qurtob ham yeyish mumkin, "Ayvan" restoranida ulkan bolalar maydonchasi bor, karting yaqinida esa oʻsmirlar afzal koʻradigan fastfudli futkort ham bor.

Quyidagi video rus tilida tayyorlangan. Ammo unda "Boqiy shahar" ruhiyatini his qilish mumkin.



Umid Mavlonov – buxorolik rassom, miniatyurachi. Uning ota-bobolari ham rassom boʻlgan. Umida aka butun oilasi – rafiqasi va to‘rt nafar farzandi bilan Samarqandga ko‘chib o‘tgan. Uning "Boqiy shahar"dagi ustaxona-do‘konida nafaqat ustaning noyob asarlarini xarid qilish, balki maxsus tashkil etiladigan mahorat darslarida ham qatnashish mumkin.

Firdavs Umarov 25 yildan buyon bundan ikki yuz yillar avval sirini yo‘qotgan Samarqand qog‘ozini qayta tiklab kelmoqda.

Usta chorak asr davomida ko‘plab shahar va mamlakatlarni kezib chiqdi va originalga deyarli yaqinlashdi. Aytgancha, ustaxonada Firdavs aka bitta varaqni tayyorlash uchun bosib oʻtadigan yoʻlni koʻrish mumkin – siz oʻz qoʻllaringiz bilan birinchi varaqlarning zichligi va notekisligini his qilishingiz mumkin, shuningdek, yangi varaqlar tayyorlash jarayonida ishtirok etishingiz mumkin.

Bu jarayon davomida Firdavs aka o‘z izlanishlari haqidagi qiziqarli voqealar bilan o‘rtoqlashadi, shu bilan birga, shu yo‘lda bilib olgan sirlarini ham ochib beradi. Shuningdek, seminarga tashrif buyurganlar – prezidentlar, siyosatchilar, taniqli shaxslarning suratlari tushirilgan burchak tashkil etilgan.

Ammo bu hammasi emas: “Boqiy shahar”da yangi texnika – Samarqand qog‘ozida miniatyurada tilla iplar bilan tikilgan Buxoro kashtachiligi paydo bo‘ldi.

Shaharchadagi yangi aksessuar brendi – Sundial ham e'tiborimizni tortdi. U Samarqandda paydo boʻlgan, hozirda ikki shaharda shaharda filiali bor – ikkinchi do‘kon Buxoroda joylashgan.

Polina va Dariya taqinchoqlar, koʻzoynaklar uchun zanjirlar, sirgʻalar yasashadi, ular yarim qimmatbaho toshlardan, sumkalar esa baxmal, adras va teridan qilingan. Sumkalarning zamonaviy shakli, atipik, sezilarli darajada farq qiladigan naqshlari va yuqori sifatli furnituralari ularni bozordagi analoglardan ajratib turadi.

"Boqiy shahar"da yaqinda faoliyat boshlagan Qur'on muzeyi ham bizni hayratlanarli. Bu O‘zbekistondagi birinchi xususiy Qur’on muzeyidir. Unda qirqqa yaqin asl va koʻchirilgan qoʻlyozma kitoblar saqlanadi. Ulardan ba'zilari 350-400 yillik tarixga ega. Eng qadimiy qo‘lyozma 500 yillik tarixga ega bo‘lib, unda Qur’onning ikki qismi mavjud va Pokistondan keltirilgan.

Ushbu muzeyda nafaqat Qur'on, balki kisvaning (Ka'baning qoplamasi) qismlari ham namoyish etilgan. U 2019 yilda ishlatilgan va Saudiya Arabistonidan maxsus olib kelingan. Sof tabiiy ipakdan tayyorlangan va oltin va kumush iplar bilan bezatilgan.

Unda Qur'oni Karimning Oli Imron surasining 96-oyati naqshlangan. U Islom Karimovga maxsus sovg‘a qilingan kisvadan kattaroq bo‘lib, O‘zbekistonda yagona hisoblanadi.

Ushbu muzeyda siz Usmonlilar imperiyasi davridagi cheklangan nashrlarni, xususan, Sulton Abdulhamidxon ishlatgan Qur'on kitobini koʻrishingiz mumkin.

Muzeyga kirish pullik – 10 000 soʻm.

Afisha.uz tahririyati Azizbek Dadayevga "Boqiy shahar"ga ekskursiya uchun minnatdorchilik bildiradi.

Material O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi ko‘magida tayyorlangan.