Parkentdagi "Uzum sayli" festivali qanday oʻtdi?
23−25 avgust kunlari Toshkent viloyati Parkent tumanidagi Zarkent qishlog‘ida “Uzum sayli” xalqaro festivali bo‘lib o‘tdi. Afisha.uz muxbiri festivalning ochilish marosimida ishtirok etdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, Toshkent viloyatidagi 15 ta tuman, o‘z hududlarida yetishtirilgan uzumlarni namoyish qilish uchun stend tashkil qilgan. Shuningdek, boshqa meva, sabzavot va poliz ekinlari, hunarmandchilik mahsulotlari ham koʻrgazma qilindi.
Uzumchilar barcha stendlar oldida jonli ijroda qoʻshiqlar kuylab, raqslarga tushish orqali oʻz mahsulotlariga e’tibor tortishga harakat qildi. Ba’zilar “Kim oladi-yo, shuginani-ya” kabi milliy qoʻshiqlarni ijro etib, oʻyinlar tashkil etgan boʻlsa, ba’zilar klassikaga murojaat qilib, Sherali Joʻrayev repertuaridan kuylashdi.
Bunday harakatlarning eng yodda qolarlisi Surxondaryo viloyatidan kelgan baxshining ijrosi boʻldi. U taxminan 2 soat davomida toʻxtamasdan kuyladi. U oʻz kuyida nafaqat “Uzum sayli” festivalini, balki butun Oʻzbekiston va dunyodagi qiziqarli narsalarni eslab oʻtdi.
“Uzum sayli"dagi yana bir ajoyib narsalardan biri bu uzumlardan qilingan installyatsiyalar boʻldi. Turli xildagi san’at asarlari orasida uzumdan qilingan Oʻzbekiston xaritasi koʻpchilikning e’tiborini tortdi.
Festivalda O‘zbekistonda vazirlik va idoralar, uzumchilik va vino sanoatida faoliyat yuritayotgan soha vakillari, mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan moliyaviy va investitsiya vakolatxonalari, xorijiy davlatlarning elchixonalari va diplomatik vakolatxonalari vakillari hamda Italiya, Serbiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Singapur, Belarus, Gruziya, Ozarbayjon kabi 30 dan ortiq davlatlardan olimlar, ekspertlar va sohaning yirik namoyondalari ishtirok etdi.
Shuningdek, festival doirasida qishloq xo‘jaligi yarmarkalari, vino sanoatining xalqaro brend kompaniyalari ko‘rgazmalari, uzumchilik yo‘nalishidagi xalqaro konferensiya va anjumanlar boʻlib oʻtdi. Festival tashkilotchilari matbuot anjumanida jurnalistlar savollariga javob berdi.
Shundan soʻng, vino va uzum mahsulotlarining auksioni boʻlib oʻtdi. Unda oʻzbekistonlik va xorijliklar ishtirok etdi. Kun yakunida esa konsert dasturi boʻlib oʻtdi. Uni Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ochib berdi. Konsertda “Shahzod” guruhi, “Benom” guruhi kabi oʻzbek estradasining yorqin vakillari qoʻshiq kuyladi.