Foto: Miss Universe Uzbekistan 2024 xalqaro go‘zallik tanlovi g‘olibi aniqlandi
22-avgust kuni Miss Universe (“Koinot go‘zali”) xalqaro go‘zallik tanlovining O‘zbekiston bosqichi g‘olibini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. 100 nafardan ortiq qizlar ariza topshirgan tanlovda 24 yoshli model Nigina Faxriddinova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
U noyabr oyida Meksikada o‘tkaziladigan final bosqichida mamlakat sharafini himoya qiladi. Marosimda o‘zbek moda olami vakillari va blogerlar ishtirok etdi.
1952-yilda tashkil etilgan va har yili dunyoning turli nuqtalarida o‘tkaziladigan Miss Universe (“Koinot go‘zali”) xalqaro go‘zallik tanlovi birinchi marta O‘zbekistonda bo‘lib o‘tdi. Unga 100 dan ziyod qizlar ariza topshirgan bo‘lsa, shundan to‘rt nafari final bosqichida qatnashdi. Hakamlar qaroriga ko‘ra, navoiylik 24 yoshli model Nigina Faxriddinova g‘olib deb topildi.
“To‘rt yildan buyon turli go‘zallik tanlovlarida qatnashib, tajriba orttirib kelyapman. Har birining hayotimda o‘z o‘rni va unutilmas his-tuyg‘ulari bor. 2022-yili Miss International xalqaro go‘zallik tanlovida 62 yil ichida ilk bor yurtimiz nomidan qatnashish menga nasib qildi. Yaponiyada 70 ta davlat vakili o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovda „Eng chiroyli milliy libos“ nominatsiyasida g‘oliblikni qo‘lga kiritganman. Hozirda u libos Samarqandda muzeyda saqlanyapti. Miss Universe tanloviga O‘zbekiston nomini olib chiqishni kichkinaligimdan orzu qilardim. Final bosqichida 130 ta mamlakatdan qizlar ishtirok etar ekan. Shu sababli hayajon kuchli, albatta. Ammo g‘olibliklikni qo‘lga kiritish maqsadim bor”, — dedi Nigina Faxriddinova.
Qayd etilishicha, mazkur tanlovning mamlakat bosqichi 18 yoshdan 28 yoshgacha bo‘lgan oila qurmagan qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan.
“Bu kabi tanlovlar biz qizlar uchun juda ham muhim. Chunki ayollarning o‘z qirralarini ochishiga, go‘zallikka intilib yashashiga turtki bo‘ladi. Bunday go‘zallik tanlovlarida ishtirok etib, shunday xulosaga keldimki: xotin-qizlar o‘ziga ishonishi kerak ekan, hamma narsa bizning qo‘limizda va harakat qilsak, katta yutuqlarga albatta, erishishimiz mumkin”, — deya qo‘shimcha qildi Nigina Faxriddinova.
Miss Universe Uzbekistan-2024 xalqaro go‘zallik tanlovi g‘olibi Nigina Faxriddinova 16-noyabr kuni Meksikada bo‘lib o‘tadigan final bosqichida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.
Toʻliq reportajni bizning YouTube kanalimizda tomosha qiling: