Elektromobilda Samarqandgacha: shaxsiy tajriba, quvvatlash xususiyatlari va boshqalar

E’lon qilingan sana· 2 295
Elektromobilda Samarqandgacha: shaxsiy tajriba, quvvatlash xususiyatlari va boshqalar

"Mashinalar u yerga toʻliq quvvat bilan yetib boradimi va biz ularni yoʻlda quvvatlay olamizmi?" – degan savol bizni qoʻrqitgan asosiy masala edi.

Iyul oyida Afisha muharrirlari “O‘zbekistondagi turizm” bo‘limini ishga tushirdi va shaxsiy tajriba asosidagi reportajlarini tayyorlashga qaror qildi. Ya'ni biz oʻzimiz Oʻzbekiston boʻylab sayohatga chiqamiz va qanday qiyinchiliklarga duch kelganimiz hamda sayohat bizga qanchaga tushganini aytib beramiz. 

Birinchi mustaqil sayohatimiz Samarqandga boʻldi. Va bu odatiy tarzda emas, balki elektromobillarda. Zeekr X va Zeekr 001 elektromobillari 2 kunlik sayohatimizning "sheriklari"ga aylandi. 


"Zeekr X"

Nega aynan ular? May oyida Afisha muharriri Xitoydagi "Lynk & Co" poligonida ushbu elektromobillarning barcha imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi. Endi esa biz avtomobillarni yo‘llarimiz, infratuzilmamizda sinovdan o‘tkazishga qaror qildik. Shu bois ikkila mashinada Samarqandga (va ortga) yo‘lga chiqdik va quyida taassurotlarimiz hamda duch kelgan qiyinchiliklarimiz bilan o‘rtoqlashamiz.

Keling, asosiy qoʻrquvimizdan boshlaylik – mashinalar u yerga toʻliq quvvat bilan yetib boradimi va biz ularni yoʻlda quvvatlay olamizmi? Har qanday elektromobil egasida bu savol boʻlishi, eng kamida bir marta boʻlsa ham xayolidan oʻtkazishi tabiiy, chunki bu mashina faqat shahar ichida haydashga moʻljallangan degan qarash bor.

Nazariy jihatdan, toʻliq quvvat bilan deyarli 500 km yoʻl bosib oʻtishga yetadi, Samarqandgacha esa atigi 350 km, bu uchun yetarli boʻlishi kerak. Biroq, siz avtomobilning barcha funksiyalaridan foydalanishingizni hisobga olishingiz kerak: konditsioner, tirbandlikda toʻxtash, massaj, tezlik va hk. 

"Zeekr" avtomobillari Yevropa standartidagi "CCS2" zaryadlash ulagichi (razyom) bilan jihozlangan. Bunday ulagichlar "TokBor" zaryad stantsiyalarida mavjud va siz ularni ilovada qidirishingiz kerak. Toshkentda bunday ulagichga ega 22 ta stansiya mavjud bo‘lsa, Samarqandda atigi ikkita bor va ular aeroport yaqinida joylashgan. M39 avtomagistralida 2 ta va M34 trassasida yana 4 ta shunday stansiya bor. Yaxshi tomoni shundaki, ular hamma joyda boʻsh turadi. Shuni ta'kidlash kerak, aksariyat Xitoy elektromobillariga tushadigan "GBTDC" ulagichlari oʻrnatilgan stansiyalar anchagina koʻp.

"CCS2" oʻzgaruvchan va doimiy oqim bilan quvvatlash imkoniyatlarini birlashtirgan yagona ulagichga ega. Bu elektr transport vositalarini bitta port orqali zaryadlash imkonini beradi, bu, albatta, ancha qulay. "CCS2" shuningdek, 350 kVtgacha boʻlgan maksimal chiqish quvvatini qoʻllab-quvvatlaydi, bu esa tez quvvat olishni ta'minlaydi. Shu bilan birga, O‘zbekistondagi stansiyalar 120 kVtgacha quvvat beradi, xolos.

Biz mashinalarni ikki marta quvvatlagichga qoʻydik –  shahar bo‘ylab muammoasiz harakatlanishga ishonch hosil qilish uchun Samarqandga kirishdagi ko‘rgazma majmuasida, qaytishda esa mashinani “Amir” restorani yonida bir soatga qoldirdik.

Avtomobilni quvvatlash uchun "Click" yoki "Payme" orqali ilova hamyoniga pul oʻtkazishingiz, quvvatlash moslamasini mashinaga ulashingiz va ilovadagi “Start” tugmasini bosishingiz kerak. U yerda zaryad holati va tezligi, shuningdek, sizdan olinadigan summani ham kuzatishingiz mumkin. Bundan tashqari, bir marta bosish bilan zaryadlashni toʻxtatishingiz mumkin.

Bir mashinani quvvatlantirish uchun o‘rtacha bir yarim soat va 150 ming so‘m ketadi. 1 kVt narxi 2850 so‘m. Batareya 100% quvvatlanganda zaryadlash avtomatik ravishda oʻchiriladi va pul ham avtomatik ravishda yechib olinadi. Toʻlov tarixi ilovaning oʻzida saqlanmaydi, sarflangan summalarni oʻzingiz hisoblab borishingiz kerak.


"Zeekr 001"

Bir vaqtning oʻzida ikkita toʻlov ilovasini oʻrnatishni tavsiya qilamiz – "Click" va "Payme". Nega? Jarayon davomida yana bir favqulodda holatga duch keldik: ikkinchi kuni hamyondagi pul tugab qoldi, Payme’da esa texnik ishlar olib borilayotgandi. Shu sababli men "Click"ni yuklab olish va unda roʻyxatdan oʻtishga majbur boʻldim, bu biroz shoshirib qoʻydi.

Yo‘l-yo‘lakay Toshkent-Samarqand-Toshkent yoʻnalishida elektromobillarda sayohat qilishga tayyor boʻlgan bir qancha ishqibozlar borligi ma'lum boʻldi. Ular bilan asosan quvvatlash shoxobchalarida uchrashib, muloqot qildik. Koʻpincha ular yoʻl boʻyidagi kafelar yaqinida oʻrnatiladi - zaryadlash vaqtini hisobga olgan holda, mashina zaryad olayotgan paytda siz xotirjam taomlanishingiz mumkin. Ammo atrofda hech narsa – doʻkon, hojatxona va kafelar yoʻq boʻlgan stansiyalar ham bor. Mana yana bir layfhak – uzoq safarga chiqishda oʻzingiz bilan gazak va suv olishni unutmang.


Yoʻl boʻylab zaryadlash stantsiyalaridan biri.

"Zeekr X" va "Zeekr 001" avtomobillariga kelsak, ular toʻxtashlar, kunning issiq paytida konditsionerni ishlatish va avtomagistralning ba'zi qismlarida 100 km/soatgacha tezlashishi kabilar bilan birga bitta toʻliq zaryadda 350 km masofani oson bosib oʻtishdi. Biz esa sayohatdan keyin marshrut va sayohat vaqtini rejalashtirishda kutganimizdek jismonan charchamadik. Belda ogʻriq, tizzalar qaltirashi, koʻzlardagi charchoq ham sezilmadi. Bu pik vaqtda ishga oddiy qatnovdek tuyuladi.


"Zeekr 001"

Samarqandda odamlar bir necha bor bizga murojaat qilib, qanday futuristik mashina haydashimizni so‘rashdi. Trassaning oʻzida ham bizga e'tibor kuchaydi – goʻyo ular bizni shunchaki yaxshiroq koʻrishni xohlagani uchun oldinga oʻtkazib yuborayotganga oʻxshardi.

Shunday qilib, siz elektrokarda yoʻlga chiqqaningizda: mashinani toʻliq quvvatlang, sayohat uchun gazaklar oling, ikkita toʻlov va quvvatlash stansiyasi ilovalarini yuklab oling hamda albatta, yaxshi kayfiyat ulashuvchi pleylist tuzib olishni unutmang.