ATTO kartalarini Qirg‘izistonda ham ishlatish mumkin bo‘ladi

E’lon qilingan sana· 188
ATTO kartalarini Qirg‘izistonda ham ishlatish mumkin bo‘ladi

19-avgust kuni O‘zbekistondagi yo‘l haqini to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimi operatori ATTO va Bishkek (Qirg‘iziston) jamoat transporti tizimi operatori o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Qayd etilishicha, hamkorlikdan maqsad ikki davlat shaharlaridagi jamoat transportida to‘lovlarni o‘zaro qabul qilish bo‘yicha integratsiyani amalga oshirishdan iborat.

“Tez orada Qirg‘iziston fuqarolari O‘zbekiston shaharlari bo‘ylab sayohat haqini Tulpar kartalari bilan, O‘zbekiston fuqarolari esa Bishkekda ATTO kartalari orqali to‘lashlari mumkin bo‘ladi. Faol rivojlanayotgan turizm sharoitida bunday hamkorlik ikki mamlakat aholisining sayohatlarini yanada qulay qiladi”, deyiladi xabarda.

ATTO xabar berishicha, hozirda ikki tizimni integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda.

Tulpar — bu Bishkek meriyasi va Shveysariyaning BPC Company o‘rtasida davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan kompaniya. Bishkekda Tulpar tizimi 2020-yilning mart oyidan boshlab ishga tushirilgan. Transport kartalaridan Bishkek jamoat transportida (avtobus va trolleybuslarda) foydalanish mumkin.