1-kurs talabalaridan yotoqxonaga arizalar qabuli boshlandi
Talabalikka tavsiya etilganlar OTMlarning yotoqxonasiga joylashish uchun arizalari qabul boshlandi, deya xabar bermoqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, 1-kurs talabalarining ma’lumotlarini “Talabalar turar joyi axborot tizimi"ga yuklash ishlari yakunlangan. Endilikda yangi talabalar davlat OTMlarining yotoqxonalariga joylashish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona portal orqali ariza yuborishlari mumkin.
Spot.uz'ning qayd etishicha, tegishli reglamentga muvofiq dastlab imtiyoz va ustuvorliklarga ega talabgorlar yotoqxonaga qabul qilinadi. Shundan so‘ng, umumiy ro‘yxatdagi talabalar uchun yotoqxonada ortib qolgan o‘rinlar soniga nisbatan navbat asosida taqsimlanadi. Bunda 1-kurs talabalari uchun yotoqxonalar 55−65%gacha ajratilishi kerak.
Arizani ko‘rib chiqishda ayrim toifaga kiruvchi talabalarga ustuvorlik beriladi. Xususan, “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, reyestrga kiruvchi oilalar va yoshlar, nogironligi bo‘lgan talabalar, “Yil talabasi” tanlovi g‘oliblari va boshqalar shular jumlasidan.
Spot.uz talabalar uchun yotoqxonaga ariza yuborish boʻyicha qoʻllanma tayyorlagan.