Toshkentda yugurish uchun 7 ta marshrut

E’lon qilingan sana· 942
Toshkentda yugurish uchun 7 ta marshrut
Foto: Tashkent Runners

Azaldan Toshkent koʻchalarida yugurishga chiqqan insonlarni uchratish mumkin. Sogʻlom turmush tarzi — zoʻr. Oxirgi paytlarda unga amal qiladigan, qilishni xohlaydiganlar koʻpaydi. Yugurishga chiqishni niyat qilib, qanchadan qancha dushanba-yu, oylarning 1-sanasini oʻtkazib yuborganlar esa undan ham koʻp.

Ba’zilar qayerda yugurish kerakligini bilmaydi. Albatta, agar xohish boʻlsa, istalgan trotuarda yugurish mumkin, lekin oldindan tuzilgan marshrut va masofa boʻyicha maqsad boʻlsa, jarayon osonlashadi.

Afisha.uz Toshkent boʻylab yugurish mumkin boʻlgan marshrutlarni bir joyga yigʻdi. Undan foydalanishni boshlashingiz uchun dushanbani kutish shart emas.


Ekopark

Toshkent ekoparki yugurishni boshlash, umuman, doimiy yugurish uchun yaxshi joy. Lekin ba’zi paytlar, masalan, dam olish kunlari va boshqa kunlari ish vaqtidan keyin ekoparkda odam koʻpayishi mumkin.

Bog' 06:00 da ish boshlaydi. Bu esa yugurish uchun eng qulay vaqtlardan biri. Bogʻda daraxtlar koʻp, salqin, piyodalar va velosipedchilar uchun yoʻllar ajratilgan. Yuguruvchi va umuman, sport bilan shugʻullanuvchilar bog' hududida koʻp uchraydi.

Ekoparkda yugurish uchun kichik (koʻl boʻylab) va katta aylanalar bor. Kichigini bir marta aylanish taxminan 0,3 km chiqsa, katta aylanani bosib oʻtish bilan 1,2 km yugurishingiz mumkin. Bundan tashqari, Ekoparkning tashqi tarafida ham yugurish mumkin.

Manzil.


Botanika bogʻi

Ekoparkning “akasi” boʻlgan Botanika bogʻida ham, koʻpchilikka ma’lumki, yugurish uchun ideal atmosfera: daraxtlar koʻp, odam kam, yoʻllari tekis va keng.

Botanika bogʻi ish faoliyatini soat 07:00 da boshlab, 19:00 da tugatadi. Ertalabki vaqtni kech deb hisoblamasangiz, borib yugurishga arziydi.

Bogʻda bitta katta aylana va boshqa yoʻllar bor. Aylana taxminan 1,7 km chiqadi. Aytgancha, bogʻga kirish pulli.

Manzil.


Anhor boʻyi

Toshkentliklarning sevimli joyi bor — Anhor kanali boʻyi. U yerda odamlar choʻmiladi, soya-salqinda sayr qiladi, yuguruvchilar esa oʻz ishi bilan shugʻullanadi.

Ushbu yoʻnalishni Oqsaroy majmuasi yaqinidan boshlashni tavsiya qilamiz, chunki undan orqaroqdagi Boʻrijar kanali boʻyi unchalik ham qulay emas. Oqsaroy yaqinidan boshlab, “Paxtakor” sport kompleksi yoki Alisher Navoiy koʻchasi kesishmasigacha yoki undan ham uzoqroqqa davom etishingiz mumkin.

Manzil.


Abdulla Qodiriy koʻchasidagi xiyobon

Gʻafur Gʻulom metrosi yaqinida, yoʻlning oʻrtasida yaxshi xiyobon bor. Koʻpincha u yerda odamlar sayr qilib, dam olib oʻtiradi. Yugurish uchun yaxshi, yashil zona.

U yerda istalgan payt yugurish mumkin, lekin ertalab borish tavsiya qilinadi, odam kamroq boʻladi. Qisqa masofaga yugurish uchun ideal variant.

Manzil.


Yangi Oʻzbekiston bogʻi

Yangi Oʻzbekiston bogʻi chekkada boʻlishiga qaramay, yugurish uchun yaxshi sharoitlar taklif qila oladi. Shu atrofda yashaydiganlar uchun yaxshi variant boʻlishi mumkin.

Bu yerda yoʻlaklar koʻp, odam kam, manzara yaxshi. Bundan tashqari, kun botishi paytida u yerda chiroyli manzara xosil boʻladi. Mabodo, yugurish vaqtingizni toʻgʻrilamoqchi boʻlsangiz-da.

Manzil.

Tashkent City

Poytaxt markazidagi “Tashkent City” bogʻi nafaqat aylanish, balki sportsevarlar uchun ham yaxshi joy. Ammo shuni aytish kerakki, bog' soat 11:00 dan tashrif buyuruvchilar uchun ochiq boʻladi, undan oldin kiritmasliklari mumkin.

Bog' atrofida emas, aynan ichki qismida yugurish tavsiya qilinadi, u yerdagi yoʻlaklar yumshoq, bundan tashqari, atrofda mashina koʻp.

Manzil.


Milliy bogʻ

Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog' ham sal kechroq ish boshlaydi, soat 11:00 da. Lekin u yerda ham yugurish uchun alohida yoʻlaklar ajratilgan.

Koʻl boʻylab yugurish yaxshi variant, agar u yerda odam boʻlsa, koʻlning u tomonlari sal odamdan holiroq. Shuningdek, yuqoridagi xaritadan koʻrib turganingiz “Adiblar xiyoboni” ham yugurish uchun yaxshi joy boʻlib bera oladi. Chunki u yerda odam kamroq, infrostruktura ham yaxshi.


Yugurish uchun yana qanday manzillarni bilasiz? Oʻzingiz qayerlarda yugurasiz? Telegram’dagi izohlarda biz bilan boʻlishing, keyingi maqolalar ularni ham albatta qoʻshamiz.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov