"Qovun sayliga galing": Xivadagi agroturizm bayrami qanday oʻtdi? (foto, video)
Gastronomik va agroturizm, milliy raqs va kuylar, Ichan Qal'a atmosferasi – Afisha.uz reportajida.
Azal-azaldan “Quyoshli oʻlka” nomi bilan dunyoga ma’lum va mashhur boʻlgan qadimiy Xorazm zaminida 9−11 avgust kunlari “Qovun sayli” festivali boʻlib oʻtdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek, Xorazm viloyatidagi 13 ta shahar va tuman hokimliklari, o‘z hududlarida yetishtirilgan meva-sabzavotlar, poliz ekinlari qovun mahsulotlarining “Gurvak”, “Qilichboy beshak”, “Qariqiz”, “Tuya qovun”, “To‘yona”, “Ola zamcha”, “Xorazm oq novvoti”, “Ko‘k gulobi”, “Bo‘rikalla” kabi mahalliy qovunlarning 125 ga yaqin navlari namoyishi hamda hunarmandchilik mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Pavilyonlar 4 ta nominatsiya boʻyicha ham baholandi:
- “Qovunchilikda eng yuqori daromad va hosildorlikka erishganlik uchun”;
- “Qadimiy anʼanaviy Xorazm qovunlari navlarini tiklaganligi uchun”;
- “Qovunchilikda innovatsion texnologiyalar joriy qilganligi uchun”;
- “Eng koʻp turdagi qovun yetishtirgan hudud”.
Festival uchun “Polvon” darvoza oldi, “Alleya” maydonining 4 gektarida 60 ta pavilyon tashkil etilgan edi.
Ma’lumki, Xorazm — serunum tuprogʻi, sugʻorish va dehqonchilik an’analari, shirindan-shakar mevalari hamda sabzavotlari bilan olamga dong taratgan.
Ayniqsa, Xorazm qovunlari qadim-qadimdan Qoraqum va Qizilqum barhanlari bilan oʻralgan oltin vohaning “barteri” boʻlib kelgan.
Rivoyatlarda aytilishicha, karvon yoʻli bilan Xorazm hududiga kirib kelgan tib ilmining sultoni — Abu Ali ibn Sino Amudaryoning loyqa suvi toʻlib oqayotgan ariq boʻyida gurvak (qovun navi) yeb oʻtirgan chol va nabirani koʻrib, bu yurtning davosi oʻzida ekan, bu yerga tabibning hojati yoʻq deya, orqaga qaytgani naql qilinadi.
Istiqlol yillarida Xorazmga tashrif buyurgan BAA elchisi Xorazmning “Obi novot”, “Qari qiz” kabi qovunlarini tanovul qilgach: “Men bu dunyodagi hayotimda jannat ne’matlaridan tatib koʻraman deb oʻylamagandim”, — deya hayratga tushgani aytiladi.
Gastro-turizm pavilyonlarida nafaqat qovunlarni, balki Xorazmning boshqa milliy taomlarini tatib koʻrish mumkin edi.
Karving boʻyicha mahorat darslari ham tashkil etilgandi.
Hunarmandchilik pavilyonlari, milliy folklor guruhlarining chiqishlari, xon va a’yonlar chiqishi, teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari, xalq ogʻzaki ijodi namunalari ayniqsa xorijlik mehmonlarni xushnud etdi.
Festival hududi boʻylab tashkil etilgan har bir pavilyon haqiqiy Xorazm atmosferasi shukuhini berar edi.
Kechki musiqiy dastur doirasida Xamdam Sobirov, Ziyoda, Jenisbek Piyazov, Gʻulomjon Yoqubov, Ravshan Komilov, Alisher Fayz, Ogʻabek Sobirov, Zulayxo Boyxonova, Abduhoshim Ismoilov singari oʻzbek estradasi yulduzlari ishtirok etdi. Rafet El Roman va Nahide Babashli kabi jahon sahnasi yulduzlari ham tashrif buyurdi.
Xivadagi shunday tadbirni, xorazmcha motivlar ila, barcha oʻzbekona raqslardan ajralib turadigan lazgisiz tasavvur qilish qiyin, albatta.