Foto: yangilangan metro navigatsiya sxemasi taqdim etildi

E’lon qilingan sana· 130
Foto: yangilangan metro navigatsiya sxemasi taqdim etildi

2-avgust kuni Toshkent metropolitenining “Alisher Navoiy” va “Paxtakor” bekatlariga yangilangan navigatsion elementlar oʻrnatildi va ularning taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Ta’kidlanishicha, Toshkent metropolitenidagi navigatsiyalar azaliy muammo boʻlib kelgan, chiqish va peresadka qilish yoʻlini koʻrsatuvchi belgilar yoʻqligi yoki undagi ma’lumotlar eski / yetishmasligi sababli har kuni koʻplab yoʻlovchilar qiyinchiliklarga duch kelishgan. Ushbu muammoni metro bekatlaridagi arxitekturani buzmay hal qilish mazkur loyihaning asosiy maqsadi boʻlgan.

Ushbu loyihani amalga oshirish ustida “Бюро Горбунова” art direktoriya Ilya Birman boshchiligida bir guruh oʻzbekistonlik dizaynerlar jamoasi ishlagan. Birman butun dunyo boʻylab jamoat joylarida transport sxemalari, veb-saytlar, ilovalar va yoʻllarni aniqlash tizimlarini ishlab chiqish bilan shugʻullanadi.

“Shahar, xususan, metro navigatsiyasi murakkab va qiziqarli ish. Bir tomondan, belgilar va diagrammalarning sof funksional vazifalari bor: odamlar kassa qayerda, qaysi poyezd qayerda, qancha stansiya borligini bilishi kerak. Bundan tashqari, hissiy tomoni ham bor: hech kimga yoʻlini yoʻqotib qoʻyish yoqmaydi, ayniqsa yer ostida, bunday paytda navigatsiya gʻamxoʻrlik, oʻychanlik va tartib tuygʻusini berishi kerak. Va bularning barchasiga qoʻshimcha ravishda, belgilar koʻrinishni buzmasligi, stansiyalar arxitekturasini buzmasligi, aksincha, uni bezashi va boyitishi muhim. Bu hamma narsaning dizayniga — eng kichik piktogrammalardan tortib elementlarning shakligacha ta’sir qiladi. Endi biz poytaxt aholisi va mehmonlari uchun butun metro aniq va qulay bo‘lishi uchun zarur bo‘lganda takomillashtirishga to‘liq tayyor holda birinchi qadamni qo‘yyapmiz”, — dedi Ilya Birman.

Ilya Birman

Toshkent metropoliteni uchun shaharning oʻziga xosligini aks ettiruvchi oʻziga xos grafik til ishlab chiqilgan. Element shakllari, ranglari, shriftlari va piktogrammalarini tanlash madaniy va estetik xususiyatlar bilan belgilangan. Ya’ni koʻrsatkich belgilarni shunchaki universal belgi emas, balki darhol Toshkent metrosigi tegishli ekanini anglash mumkin boʻlgan qilish maqsad qilingan.

Yangilangan tizimda ilk marta chiqishlar raqamlandi. U butun peresadka uzelini qamrab oladi: masalan, Paxtakor — Alisher Navoiy chorrahasida chiqishlar 1 dan 7 gacha raqamlangan. Chiqishlar shahar markaziga (Amir Temur haykali) olib chiquvchi chiqishdan boshlab soat yoʻnalishi boʻyicha raqamlangan.

Shuningdek, dastlabki uchta liniyada odatiy ranglar saqlab qolingan — qizil, koʻk va yashil. Yangi — toʻrtinchi liniya esa oltin rangda boʻldi. Piktogrammalar va qator raqamlari belgilari anʼanaviy oʻzbekcha sakkiz qirrali yulduzi va paxta tasviriga ishora qiladi.

Ta’kidlanishicha, shrift tanlashda bir nechta omillar hisobga olingan: ekspressivlik, Toshkent shahrining oʻziga xos xususiyatlariga muvofiqligi va navigatsiyadagi funksionallik. Shrift o‘qishga qulay bo‘lishi va o‘zbek tilidagi apostroflarning tez-tez ishlatilishiga mos bo‘lishi kerak.

Yevgeniy Sorochin
Fotosuratchi
Yevgeniy Sorochin