Haftaning ikkinchi qismi issiq boʻladi

E’lon qilingan sana· 63
Haftaning ikkinchi qismi issiq boʻladi

O‘zbekistonda haftaning ikkinchi yarmida harorat ko‘tariladi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.

5−7-avgust kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha o‘rtacha issiq ob-havo saqlanib turadi, harorat asosan +36…+39 daraja, respublika shimolida, janubida va cho‘l hududlarida +40…+42 darajagacha bo‘ladi.

Toshkent shahrida havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3−8 metr/sekund tezlikda esadi, ba’zi joylarda 8−10 metr/sekundgacha kuchayadi. Harorat kechalari +23…+25, kunduz kunlari 5−7-avgustda +37…+39, 8−9-avgustda +39…+41 daraja bo‘ladi.

8−9-avgustda issiq kuchayadi va respublika hududining katta qismida kunduz kunlari havo +40…+42 darajagacha, janubda +43…+44 darajagacha isiydi.

Faqat O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlariga 9-avgust kuni salqin havo kirib kelishi boshlanadi, buning hisobiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida harorat +32…+37 darajagacha pasayadi.

Ushbu kunlarda O‘zbekiston hududi bo‘yicha quruq va asosan kam bulutli ob-havo bo‘lishi saqlanib turadi. Faqat 5−6 va 9-avgust kunlari Farg‘ona vodiysi viloyatlarining tog‘ oldi va tog‘li hududlarida ba’zi joylarda va Toshkent viloyatining ayrim tog‘li hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.

Shamol 7−12 metr/sekund tezlikda esadi, ba’zi joylarda 13−18 metr/sekundgacha kuchayadi, chang-to‘zonlar bilan kuzatiladi.