Oʻzbekiston boʻylab futzal boʻyicha JCH kubogi bilan “Trophy tour” tashkil etiladi

E’lon qilingan sana· 1 550
Oʻzbekiston boʻylab futzal boʻyicha JCH kubogi bilan “Trophy tour” tashkil etiladi

Futzal boʻyicha 2024-yilgi Jahon chempionatiga Oʻzbekiston mezbonlik qiladi. Oʻyinlar mamlakatning uch shahri Andijon, Buxoro va Toshkentda boʻlib oʻtadi. Bugun, 6-avgust kuni ushbu katta musobaqani oʻtkazish uchun koʻrilayotgan tayyorgarliklar boʻyicha brifing tashkil etildi.

Unda aytilishicha, Jahon chempionati oʻyinlarining 27 tasi Toshkent shahridagi Humo arenada, 17 tasi Buxoro shahridagi Universal sport kompleksida, 8 tasi esa Andijon shahridagi Universal sport kompleksida boʻlib oʻtadi. Bundan tashqari, Toshkent shahrida 4 ta, Buxoroda 2 ta, Andijonda esa 1 ta mashgʻulot maydoni faoliyat koʻrsatadi. Hozirda mashgʻulot maydonlarini jahon standartlariga moslashtirish jarayoni ketmoqda.

Shuningdek, jamoalar, hakamlar, tashkilotchilar, xalqaro mehmonlar musobaqa vaqtida istiqomat qiluvchi mehmonxonalar e’lon qilindi. Musobaqa boʻlib oʻtadigan shaharlararo harakatlanish vositalari, jumladan, poyezd va samolyotlar boʻyicha ma’lumot berildi.

Brifingda ta’kidlanishicha, 9-avgustdan 24-avgustgacha Oʻzbekiston boʻylab “Trophy tour” tashkil etiladi. Unda Jahon chempionati kubogi Oʻzbekistonning 10 ta shahriga olib boriladi. Har bir shahar markazida kubok bilan suratga tushish imkoniyati yaratiladi. Uchta mezbon shaharda esa katta tadbirlar oʻtkaziladi.

Ma’lumotlarga koʻra, hozirgacha 70 ta xalqaro jurnalist Jahon chempionatini yoritish uchun roʻyxatdan oʻtgan. Shuningdek, 9 nafar mahalliy jurnalist musobaqani yoritish huquqini qoʻlga kiritgan. Qayd etilishicha, musobaqaning rasmiy maskoti va toʻpi ham tez orada e’lon qilinadi.

26-may kuni chempionat guruh bosqichiga qur’a tashlangandi va guruhlar quyidagicha shakllangandi:

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi oʻz oʻyinlarini Toshkentdagi Humo Arena majmuasida oʻtkazadi.

  • 14-sentyabr: Oʻzbekiston — Niderlandiya;
  • 17-sentyabr: Oʻzbekiston — Paragvay;
  • 20-sentyabr: Kosta-Rika — Oʻzbekiston.

Avvalroq futzal bo‘yicha Jahon chempionati o‘yinlariga chiptasi bor muxlislarga temiryo‘ldan foydalanishga 50 foizli chegirma berilishi haqida xabar berilgandi.