Toshkentda GameDevGoethe loyihasiga start berildi

E’lon qilingan sana· 3 539
Toshkentda GameDevGoethe loyihasiga start berildi

Toshkent shahridagi Gyote institutida 23-iyul kuni Oʻzbekistondagi video oʻyinlar yaratuvchilari uchun muhim hisoblanadigan GameDevGoethe loyihasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

Ushbu inkubator faoliyatini 2020-yilda boshlagan boʻlib, 2024-yilda beshinchi bor ijodkorlar, oʻyin yaratuvchilar va oddiy geymerlar uchun oʻz oʻyinlarini yaratish imkoniyatini taqdim etadi.

Tadbir avvalida OAV vakillari va blogerlar uchun yopiq matbuot zonasi tashkil etildi. Unda tashkilotchilar loyiha boʻyicha savollarga javob berdi. Ma’lumot uchun, bu yilda loyihani oʻyin yaratuvchilar va geymerlar uchun yaxshi tanish boʻlgan dunyodagi eng yirik brend — NVIDIA qoʻllab-quvvatlamoqda.

“Besh yil oldin shu loyihani boshlagan edik. Bu yilgi eng katta narsa bu NVIDIA kompaniyasining bizni qoʻllab-quvvatlagani boʻldi. Texnologik brend bizni qoʻllab-quvvatlayotganidan xursandmiz. Bugun ochilish marosimi boʻladi. Uch oy ichida bu yerga kelgan yoshlar oʻyin yaratadi. Uch oydan soʻng taqdimotimiz boʻladi. Koʻrgazmamiz boʻladi, shu koʻrgazmada eng zoʻr oʻyin yaratganlarga NVIDIA kompaniyasi tomonidan sovgʻalar taqdim etiladi”, — dedi loyiha asoschisi Akmal Salixov.

Ta’kidlanishicha, NVIDIA kompaniyasi bilan yana koʻplab loyihalarda hamkorlik qilish, hakatonlar oʻtkazish rejalashtirilmoqda. Ma’lumot uchun, loyiha doirasida yaratilgan 5 ta eng yaxshi oʻyin mualliflari asosiy mukofot sifatida — GeForce RTX video kartalarini qoʻlga kiritadi.

Tadbir davomida musiqiy konkurslar oʻtkazildi va gʻoliblarga sovgʻalar taqdim etildi. Bundan tashqari, VR oʻyinlar zonasining ochilishi boʻlib oʻtdi. Unda mutaxassis VR oʻyinlarining ishlash tizimini koʻrsatib berdi.

Azimbek Xushmamatov
Muallif
Azimbek Xushmamatov