Toshkentda yana bir gastronomik koʻcha ochiladi
Toshkent shahar Yashnabod tumani hokimligi hamkorligida Sodiq Azimov ko‘chasini gastronomik, ya’ni 24/7 rejimida ishlovchi ko‘chaga aylantirish bo‘yicha loyiha ishlari yakuniga yetkazildi.
Ma’lumotga koʻra, loyiha doirasida Sodiq Azimov ko‘chasida yoritish ustunlarini, o‘rindiqlar va chiqindi urnalarini o‘rnatish, manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazish, sug‘orish tizimlarini joylashtirish, audio musiqa tizimini tashkil etish, dekorativ arka va ustunlar o‘rnatilishi kutilmoqda.
Shuningdek, fotozonalar uchun dekorativ elementlar tashkil etish, piyodalar yo‘laklari, velo-yo‘laklar yo‘l chekkasida harakatlanishga halal bermaydigan avtoturargohlar va zamonaviy o‘rindiqlar tashkil etish, ovqatlanish uchun qulay bo‘lgan “Food trak"lar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bolalar o‘yingohi va 3D formatdagi katta monitor o‘rnatish kabi ishlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ushbu ko‘chada joylashgan barcha oziq-ovqat hamda savdo nuqtalari xorijiy valyutadagi to‘lovlarni qabul qiluvchi terminallar bilan ta’minlanib, banklarning 24/7 rejimda ishlovchi zamonaviy bankomat va infokiosklari o‘rnatiladi, deyiladi xabarda.
Avvalroq, Taras Shevchenko ko‘chasini gastronomik ko‘chaga aylantirish bo‘yicha bunyodkorlik ishlari boshlanganligi xabar bergan edik.