Samarqandda “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali boʻlib oʻtadi

E’lon qilingan sana· 5 162
Samarqandda “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali boʻlib oʻtadi

YUNESKO shafeligida 25−30 avgust kunlari “Yer yuzining sayqali” deb nom olgan qadimiy Samarqandda “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivali boʻlib oʻtadi.

1997-yilda tashkil etilib, ilk marotaba oʻtkazilgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida 31 ta davlatdan musiqiy guruhlar va ijrochilar tashrif buyurishgan boʻlsa 2019-yilda o‘tkazilgan XII “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalida ishtirokchi davlatlar soni 75 taga yetgan.

“Sharq taronalari” Markaziy Osiyodagi eng katta festivallardan biri sanaladi. Festival o‘tkazilishidan asosiy maqsad milliy musiqa san’atida erishilgan yutuqlarni keng ommaga tatbiq qilish, millatlarning madaniyat va an’analarini asrash va rivojlantirish, sozandalik va xonandalik yo‘nalishidagi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xalqaro ijodiy aloqalarni kengaytirish, tinchlik, do‘stlik va o‘zaro bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib qilishdan iborat.

Qayd etilishicha, 2024-yilning 25−30-avgust kunlari oʻtkazilishi rejalashtirilgan “Sharq taronalari” XIII xalqaro musiqa festivalida ishtirok etish uchun 100 dan ziyod mamlakatga mazkur festivalda ishtirok etish uchun taklifnomalar yuborilgan.

Ma’lumotga koʻra, hozirda festivalda qatnashish yuzasidan xorijiy mamlakatlardan Yaponiya, Indoneziya, Polsha, Belarus, Ozarbayjon, Gruziya, Italiya va boshqa bir qator Sharqiy Osiyo davlatlaridan ariza kelishi boshlangan.