Bugundan Mirobod tumanida gastronomik koʻcha qurilishi boshlanadi
Bugundan, 15-iyuldan Taras Shevchenko ko‘chasini gastronomik ko‘chaga aylantirish bo‘yicha bunyodkorlik ishlari boshlanadi, deb xabar bermoqda Mirobod tumani hokimligi matbuot xizmati.
Bu haqda 13-iyul kuni, tuman hokimi Anvar Sayfutdinov T.Shevchenko ko‘chasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlari bilan ochiq muloqotida ma’lum qilindi.
Vazirlar Mahkamasining 395-sonli qaroriga asosan “poytaxt ko‘chalarida jozibador va serqatnov turizm hamda xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish maqsadida” 24/7 rejimda ishlovchi ko‘ngilochar ko‘cha tashkil etish belgilangan.
Ma’lumotga koʻra, 15-iyuldan boshlanadigan bunyodkorlik ishlari davomida Taras Shevchenko ko‘chasida yoritish ustunlarini o‘rnatish, o‘rindiqlar va chiqindi urnalarini o‘rnatish, daraxt ko‘chatlari o‘tqazish, sug‘orish tizimlarini o‘rnatish, audio musiqa tizimini tashkil etish, dekorativ arka va ustunlar o‘rnatish, fotozonalar uchun dekorativ elementlar tashkil etish, piyodalar yo‘laklari, velo-yo‘laklar va zamonaviy o‘rindiqlar tashkil etish, bolalar o‘yingohi va ko‘rgazmali sahna o‘rnatish kabi ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.