Farg‘onada turizm halqasi tashkil etiladi
Shavkat Mirziyoyev 11-iyul, payshanba kuni Qo‘qonga tashrifi chog‘ida Farg‘ona turizm halqasi konsepsiyasi bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, o‘tgan yili Farg‘onaga 430 ming xorijiy sayyoh tashrif buyurgan. Farg‘ona turizm halqasidan maqsad xorijiy va mahalliy turistlarning viloyatda qolish muddatini 3 kundan 7 kungacha uzaytirish, tashrif obyektlari sonini 2 barobar oshirishdan iborat.
Shu maqsadda Farg‘ona, Oltiariq, Quva, Uchko‘prik tumanlaridagi diqqatga sazovor joylar turizm yo‘nalishlariga kiritiladi. Halqada 577 ta maskan bo‘ladi, 50 dan ortiq savdo-xizmat turlari taqdim etiladi.
Prezident Vazirlar Mahkamasining 2019-yildagi qarori bilan tashkil etilgan Qo‘qon universiteti bilan tanishdi, universitet yonida joylashgan Tepaqo‘rg‘on arxeologik yodgorligini ham ko‘zdan kechirdi.
Ushbu yodgorlik 2019-yilda moddiy-madaniy meros obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan. 2022-yilda olib borilgan arxeologik qazuv ishlari natijasida yodgorlik arkining tuzilishi aniqlangan.
Prezident mazkur arxeologik yodgorlikni rekonstruksiya va konservatsiya qilib, ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish tashabbusini bildirdi.