Toshkentda "Yandex Uzbekistan" ofisi ochiladi

E’lon qilingan sana· 248
Toshkentda "Yandex Uzbekistan" ofisi ochiladi

“Yandex Uzbekistan” 2024-yil kuzida mamlakatdagi biznesini rivojlantirish maqsadida Toshkentda ofis ochishni rejalashtirmoqda. Ofis ochilishi jamoani kengaytirish, yangi xizmatlarni tezroq ishga tushirish va mamlakatda faoliyat yuritayotgan xizmatlarni kengaytirishga imkon beradi. Kompaniya, shuningdek, o‘zbekistonlik dasturchilar uchun IT-amaliyot dasturini ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

Toshkentdagi ofis O‘zbekistonda “Yandex Go” shahar xizmatlarini, ta’limiy, ko‘ngilochar va boshqa xizmatlarni rivojlantiruvchi xodimlarni birlashtiradi. Ofis ochilgandan so‘ng “Yandex” yosh IT-mutaxassislarni tayyorlash uchun amaliyot dasturlariga qabul qilishni boshlaydi. Ta’kidlanishicha, amaliyotlar kompaniya uchun ham, O‘zbekistonning butun IT-sohasi uchun ham kadrlar zaxirasini yaratishga yordam beradi.

Amaliyotlarning boshlanishi — bu Yandex kompaniyasining IT-ta'lim dasturining bir qismi bo‘lib, loyiha doirasida kompaniya qo‘shimcha ravishda O‘zbekistonda yuqori sinf o‘quvchilari uchun yangi Dasturlash maktablarini ochadi, informatika o‘qituvchilari uchun dasturlash bo‘yicha malaka oshirish kurslarini ishga tushiradi va ularga “Python” bo‘yicha metodik materiallardan foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi.

Yandex kompaniyasi, shuningdek, qizlarni IT-tadbirkorlik sohasida rivojlantirishga qaratilgan “Technovation Girls” mentorlik dasturini qo‘llab-quvvatlaydi va sport dasturlash bo‘yicha intensiv treninglar o‘tkazadi.

Ta’kidlanishichal, O‘zbekiston “Yandex” uchun ustuvor bozorlaridan biri hisoblanadi. Biznesni kengaytirish mamlakatda IT-kompaniyalarini rivojlantirish va raqamli xizmatlarni ishga tushirish uchun yaratilgan sharoitlar tufayli amalga oshadi.