Xivada an'anaviy "Qovun sayli" boʻlib oʻtadi

E’lon qilingan sana· 2 397
Xivada an'anaviy "Qovun sayli" boʻlib oʻtadi

9−11 avgust kunlari Xiva shahridagi “Ichan qalʼa” majmuasining “Polvon darvozasi"dan “Alleya maydoni"ga tutash hududda “Qovun sayli” festivali oʻtkaziladi.

Festival doirasida tasviriy va amaliy sanʼat asarlari namoyishi, milliy liboslar koʻrgazmasi, badiiy jamoalar va folklor guruhlarining jonli ijrodagi chiqishlari, xon va ayonlari chiqishi, teatrlashtirilgan sahna koʻrinishlari va qoʻgʻirchoq teatri tomoshalari, xalq ogʻzaki ijodi namunalari va boshqa madaniy tadbirlar tashkil qilinadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, shuningdek, viloyatdagi 13 ta shahar va tuman hokimliklari pavilonlari (jami 60 ta) tashkil qilinib, oʻz hududlarida yetishtirilgan qovun mahsulotlari, meva-sabzavotlar, poliz ekinlari hamda hunarmandchilik maxsulotlari bilan ishtirok etadilar.

Pavilonlar 4 ta nominatsiya boʻyicha ham baholanadi:

  • “Qovunchilikda eng yuqori daromad va hosildorlikka erishganlik uchun”;
  • “Qadimiy anʼanaviy Xorazm qovunlari navlarini tiklaganligi uchun”;
  • “Qovunchilikda innovatsion texnologiyalar joriy qilganligi uchun”;
  • “Eng koʻp turdagi qovun yetishtirgan hudud”.

Festival dasturi

9-avgust:

  • 10:00dan 20:00 gacha — qovun mahsulotlari koʻrgazmasi;
  • 20:00da — festivalning ochilish marosimi va konsert dasturi.

Ochilish marosimiga bagʻishlab tashkil qilinadigan konsert dasturida Ziyoda Qabilova va Xamdam Sobirov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Toʻlqin Jabborov, “Nihol” mukofoti sovrindorlari Murodbek Qilichev, Dilmurod Sultonov, Farruh Saidov, Jayhun Matmuratov va boshqa taniqli sanʼatkorlari ishtirok etadi.

10-avgust:

  • 10:00dan 20:00gacha qovun mahsulotlari koʻrgazmasi hakamlar tomonidan baholanadi va taqdirlanadi;
  • 20:00da festival doirasida Oʻzbekiston xalq artisti Jenisbek Piyazovning yakkaxon konsert dasturi tashkil etiladi.

11-avgust:

  • 20:00da — festivalning taqdirlash marosimi va yopilish gala kontsert dasturi tashkil etiladi.

Yakuniy gala-kontsert dasturida Ozarbayjon Respublikasining taniqli sanʼat yulduzi Nahide Babashli, dunyoga mashhur afsonaviy Doktor Alban (Dr. Alban) shuningdek, Oʻzbekistonning taniqli sanʼat ustalari — Oʻzbekiston xalq artistlari Gʻulomjon Yaqubov, Abduhoshim Ismoilov, Zulayho Boyxonova, Ogʻabek Sobirov hamda Gulsanam Mamazaitova, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artistlar Ravshan Komilov, Alisher Fayz va boshqa taniqli sanʼatkorlar ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Turizm qoʻmitasi koʻmagida tashkil etiladi.