Gyote institutida urugʻlar kutubxonasi ochildi
Toshkent shahrida joylashgan nemis tili markazi sifatida faoliyat yuritadigan Gyote institutida ekofaol-bloger Urikguli (Moʻtabar Xushvaqtova) bilan hamkorlikda urugʻlar kutubxonasi ochildi.
Ta’kidlanishicha, unda Oʻzbekiston tuprogʻi degradatsiyasining oldini oluvchi foydali dala gullari bor. Urugʻlar roʻyxati mutaxassis Yulduz Abdullayeva tomonidan Oʻzbekiston tuprogʻidagi muammolarni inobatga olgan tuzilgan.
Hozirda kutubxonada 15 turdagi urugʻlar mavjud, ular orasida gibiskus, gultojixoʻroz, beda, qoʻqongul, moychechaklar ham bor.
Urugʻlarning barchasi bepul. Ya’ni urug' ekish niyati boʻlgan har qaysi inson Gyote institutiga tashrif buyurib, ularni olib ketishi mumkin.
“Urugʻlarni olib ketib, mahalla, hovli, har kuni oʻtadigan koʻchangizga eking. Ular gullab, yana urug' berganida qaytarib olib kelishingiz mumkin. Olib kelmasangiz ham mayli. Shunchaki urugʻlarni olib ketib eking, parvarish qiling va ular sizga, tuproqqa va hasharotlarga foyda keltiradi”, — deya qoʻshimcha qiladi ekofaol-bloger.
Gyote instituti dushanbadan jumagacha, soat 9:00dan 20:00gacha, shanba kuni esa 16:00gacha ishlaydi. Manzil bu yerda.
Avvalroq, Afisha.uz Moʻtabar Xushvaqtova bilan katta intervyu ham tashkil qilib, bir qancha ekologik mavzular haqida suhbatlashgandi.