Taras Shevchenko, Shota Rustaveli, Muhammad Yusuf: Toshkentdagi shoirlar nomiga qoʻyilgan koʻchalar
Toshkent shahridagi koʻcha nomlari alohida katta mavzu boʻlib, soatlab suhbatlashishga arziydi. Ularning aksariyati qaysidir mashhur shaxslarga bagʻishlangan. Ular orasida oʻzbekistonlik shoirlardan tashqari ukrain, gruzin, turkman, qozoq shoirlarini ham uchratish mumkin.
Afisha.uz Toshkent shahrida joylashgan shoirlar nomiga qoʻyilgan 15 ta koʻchani bir yerga toʻpladi.
Abay koʻchasi
Toshkent shahrida joylashgan koʻchalardan biri qozoq shoiri Abay Qoʻnonboyev sharafiga nomlangan boʻlib, Shayxontohur tumanidan oʻrin olgan. Ushbu koʻchaning soʻngida Qozogʻiston elchixonasi hamda Abay Qoʻnanboyevning haykali jaylashgan.
Abay she’rlarini, asosan, Mirtemir oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
Qozog‘im, sho‘rli yurtim, vayron yurtim!
Qorong‘uda yo‘l topmay, hayron yurtim!
Yomon bilan yaxshini farq qilolmay,
Og‘zida ham qon, ham moy, sarson yurtim!
She’rning toʻliq variantini ushbu havolada oʻqishingiz mumkin.
Anna Axmatova koʻchasi
Sergeli tumani hududida joylashgan Yangi Sergeli va Fayzli koʻchasi oraligʻidagi koʻchaga 1988-yil 29-iyulda Ikkinchi Jahon urushi davrida Toshkentda yashab ijod qilgan, taniqli rus shoirasi Anna Axmatova nomi qoʻyilgan. Koʻchaning uzunligi 1,5 kilometrni tashkil qiladi.
Koʻcha yoʻnalishida Sergeli tuman hokimligi, “Yangi Sergeli” nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi, sport majmuasi mavjud.
Shoiraning she’rlarini Xurshid Davron va Abdulla Sher oʻzbek tiliga tarjima qilgan. Shuningdek, Axmatova Toshkent shahri haqida ham bir qator she’rlar yozgan.
Mangu olqish nuriga shoyon
Ul seryulduz aziz go‘shani
Va qirqkokil juvonlar shodon
Allalagan chaqaloqlarni
Unutmagayman.
Shoira ijodi bilan ushbu havolada tanishishingiz mumkin.
Mavlono Riyoziy koʻchasi
Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan Parkent bozorini oʻz ichiga oladigan koʻcha fors-tojik tilida ijod qilgan xurosonlik shoir Mavlono Riyoziy nomiga qoʻyilgan.
Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” asarida Mavlono Riyoziy haqida ma’lumot berilgan. Unda shoir viloyat qozisi ekanligi, minbarda turib va’z aytishi, o‘z she’larini berilib, zavq-shavq bilan o‘qishi haqida yozilgan.
Alisher Navoiy koʻchasi
Alisher Navoiy Toshkent markazidagi shoh koʻchalardan biridir. Koʻcha Amir Temur shoh koʻchasidan gʻarbga choʻzilib, Chorsuda Beruniy va Samarqand Darvoza koʻchalariga ajraladi. Navoiy koʻchasi Zarqaynar, Furqat, Gʻafur Gʻulom, Abay, Shayxontohur, Botir Zokirov, Rashidov, Mustafo Kamol Otaturk, Buyuk Turon koʻchalari bilan tutashgan.
Alisher Navoiy koʻchasida 1920−30 yillar orasida qurilgan uylardan biri.
Ma’lumotlarga koʻra, ushbu koʻchaga 1938-yilda ulugʻ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligiga tayyorgarlik koʻrish doirasida Navoiy nomi berilgan.
G‘urbatda g‘arib shodmon bo‘lmas emish,
El anga shafiq-u mehribon bo‘lmas emish.
Oltin qafas ichra gar qizil gul bitsa,
Bulbulg‘a tikondek oshyon bo‘lmas emish.
Maxtumquli koʻchasi
Maxtumquli koʻchasi Toshkentning markaziy koʻchalaridan biri hisoblanadi. 2017-yilning 1-mart kuni koʻchaga turkman shoiri Maxtumqulining nomi berilgan.
Koʻcha XIX asrning ikkinchi yarmida paydo boʻlgan. Toshkentning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishidan keyin Kaufman prospekti nomi berilgan. 1928-yildagi rekonstruksiyadan keyin esa hozirgi Mustaqillik maydonidan boshlanib, Toshkent tibbiyot akademiyasi yaqinida tugagan.
2015−2016-yillarda yangi yoʻl qurilishi natijasida koʻcha 1 kilometrdan salkam 4 kilometrgacha uzaygan. Ayni paytda koʻcha Amir Temur xiyobonidan boshlanib, Ohangaron yoʻli koʻchasida, uch qavatlik koʻprik qismida tugaydi.
Turkman shoirining she’rlari oʻzbek tiliga Maqsud Muxtor tomonidan tarjima qilingan. Ma’lumot uchun, Jahongir Otajonovning “Nimasan” qoʻshigʻi matni Mahtumqulining “Namasan” she’ridan olingan.
Shoira ijodi bilan ushbu havolada tanishishingiz mumkin.
Shota Rustaveli koʻchasi
Shota Rustaveli ham Toshkentning markaziy koʻchalaridan biri hisoblanadi. U buyuk gruzin shoiri nomiga qoʻyilgan. Koʻchaning uzunligi taxminan 6,5 kilometrni tashkil etadi va oʻrta asrlarda Toshkentni Samarqand bilan bogʻlovchi yoʻl boʻlgan.
Koʻcha Toshkent shahrining janubiy qismida joylashgan boʻlib, u poytaxtning koʻplab katta va asosiy koʻchalari, xususan, Shahrizabz va Yangi Sergeli koʻchalari bilan bogʻlanadi. Shota Rustaveli koʻchasi Toshkentning Yakkasaroy tumani tarkibiga kiradi.
Oʻrta asrlarda yashab, ijod qilgan Shota Rustaveli gruzin adabiyotining eng yorqin namoyondalaridan biri hisoblanadi. Uning hayoti va ijodi haqida toʻliq ma’lumot bizgacha yetib kelmagan boʻlsa-da, “Yoʻlbars terisini yopingan paxlavon” asari koʻplab tillarga, jumladan, oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Asarni Maqsud Shayhzoda oʻzbekchalashtirgan.
Shoir ijodi bilan ushbu havolada tanishishingiz mumkin.
Zulfiyaxonim koʻchasi
Zulfiyaxonim koʻchasi Shayxontohur tumani hududida boʻlib, Xurshid va Gʻafur Gʻulom koʻchasi oraligʻida joylashgan. Koʻcha Oʻzbekiston xalq shoirasi Zulfiya Isroilova sharafiga nomlangan. Uzunligi 2,3 kilometr atrofida.
Koʻcha Shayxontohur va Abay koʻchalari bilan kesishadi. 1999-yil koʻcha kengaytirilgan boʻlib, Gʻafur Gʻulom koʻchasiga olib chiqildi. Uning yoʻnalishida Labzak va Janggoh mavzelari, Anhor kanali, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining akademik litseyi va boshqalar mavjud.
Hayot kitobimni bexos varaqlab,
Men oʻtgan umrga achinmay qoʻydim.
Tabassum oʻrnida kuldim charaqlab.
Suyish kerak boʻlsa — telbacha suydim.
Ushbu she’rning toʻliq variantini va shoiraning boshqa asarlarini ushbu havolada oʻqishingiz mumkin.
Taras Shevchenko koʻchasi
Mirobod tumanida joylashgan koʻchalarning biriga mashhur ukrain shoiri Taras Shevchenko nomi berilgan. Shuningdek, ushbu koʻchada shoirning haykali ham oʻrnatilgan.
Taras Shevchenko yangi ukrain adabiyoti shakllanishiga katta xissa qoʻshgan va kelajagi bilan bogʻliq gʻoya va obrazlarni olib kirgan. Undagi realistik yoʻnalishga yangi hayot bagʻishlagan. Ayni paytda ukrain tilining milliy adabiy til sifatida rivojlanishida Shevchenko ijodi katta rol oʻynagan.
Uylarim siz, gul lolalarim,
Oʻylarim siz, jon bolalarim,
Parvarishlab oʻstirdim, netay?
Qaerlarga sizni uzatay?
Oʻylarim siz, jon bolalarim!
Boring oʻsha Ukrainaga,
Oʻsha bizning Ukrainaga,
Devorlarning tagidagi zor —
Yigʻlab yurgan boʻlib xokisor —
Yetim-yesirlarning oldiga.
Ushbu she’rning toʻliq variantini va shoirning boshqa asarlarini ushbu havolada oʻqishingiz mumkin.
Muhammad Yusuf koʻchasi
Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan ushbu koʻcha oʻzbek shoiri Muhammad Yusuf sharafiga nomlangan. Ushbu koʻcha Mirzo Ulugʻbek va Parkent koʻchalari oraligʻida boʻlib, uzunligi 1,1 kilometr atrofida.
Ma’lumot uchun, dastlab Dogʻiston nomi berilgan koʻcha 2002-yil 29-iyundan beri Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf nomi bilan yuritiladi.
O, ota makonim.
Onajon oʻlkam,
Oʻzbekiston, jonim toʻshay soyangga.
Senday mehribon yoʻq,
Seningdek koʻrkam.
Rimni alishmasman bedapoyangga.
Ushbu she’rning toʻliq variantini va shoirning boshqa asarlarini ushbu havolada oʻqishingiz mumkin.
Yesenin koʻchasi
Yesenin koʻchasi — Shayxontohur tumanida, Oqtepa maydoni (Gulxaniy koʻchasi) va Mujrim-Obid koʻchasi oraligʻida joylashgan va rus shoiri Sergey Yesenin nomiga qoʻyilgan. Koʻchaning uzunligi 0,8 kilometrni tashkil qiladi.
Ma’lumot uchun, Toshkent shahrida Sergey Yeseninning uy-muzeyi ham joylashgan boʻlib, bu haqda Toshkentda joylashgan uy-muzeylari haqidagi maqolada oʻqishingiz mumkin.
Sergey Yesenin she’rlarini mahoratli shoir Erkin Vohidov oʻzbek tiliga oʻgirgan.
Xurosonda bir darboza bor,
Ostonasi gulga ko‘milgan,
Unda yashar bir pari ruxsor.
Xurosonda bir darboza bor,
Hayhot, uni ocholmadim man.
Ushbu she’rning toʻliq variantini va shoirning boshqa asarlarini ushbu havolada oʻqishingiz mumkin.
Bobur koʻchasi
Bobur koʻchasi Yakkasaroy tumanida joylashgan boʻlib, Beshyogʻoch maydoni bilan Aeroport maydoni oraligʻidan oʻrin olgan. Unga shoir va sarkarda Bobur Mirzo nomi berilgan. Uzunligi 4,3 kilometrni tashkil qiladi. Bobur koʻchasi 1954-yilgacha Teatr koʻchasi, 1991-yilgacha Bogdan Xmelnitskiy koʻchasi deb atalgan.
Koʻcha yoʻnalishida Respublika baynalmilal madaniyat markazi, Toshkent bosh plani loyihalash va ilmiy tadqiqot instituti, Koʻzi ojizlar jamiyati, Doʻstlik bogʻi, Saudiya Arabistonining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasi, Aleksandr Pushkin haykali, “Oʻzbekyengilsanoat” kompaniyasi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti va Yakkasaroy tumani hokimiyati oʻrin olgan.
Tole' yoʻqi jonimgʻa balolig' boʻldi,
Har ishniki ayladim, xatolig' boʻldi.
Oʻz yerni qoʻyub, Hind sori yuzlandim,
Yorab, netayin, ne yuz qarolig' boʻldi.
Bobur asarlari bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.
Muqimiy koʻchasi
Muqimiy koʻchasi Chilonzor va Yakkasaroy tumanlaridagi markaziy koʻchalardan biri boʻlib, Oqtepa maydoni va Shota Rustaveli koʻchasi oraligʻida joylashgan. Koʻchaga oʻzbek shoiri va mutafakkiri Muqimiy nomi berilgan. Uzunligi 4 kilometr atrofida.
1950-yillarda tashkil topgan koʻcha dastlab “Novza” nomi bilan yuritilgan. Muqimiy nomi esa 1964-yil 1-yanvarda berilgan.
“Novza” metro bekati, “Oʻzneftgazinvestxolding” kompaniyasi, Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining xalqaro jurnalistika fakulteti, “Oltin markazi” savdo majmuasi, qator davlat va jamoat tashkilotlari, firma va kompaniyalar ofislari, “Navroʻz” FM radiostansiyasi, turli servis xizmat koʻrsatish maskanlari joylashgan.
Chilonzor koʻchasi, Bunyodkor shohkoʻchasi bilan kesishadi. Qatortol va Lutfiy koʻchalari bilan tutashgan. Boʻrijar va Anhor kanallari ustidan oʻtadi.
Shoir ijodi bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.
Usmon Nosir koʻchasi
Usmon Nosir — Toshkent shahrining markaziy qismida, Yunusobod tumani “Buyuk Turon” mahallasi (Oloy bozori orqasida) hududida joylashgan koʻcha. U buyuk oʻzbek shoiri va tarjimoni Usmon Nosir sharafiga nomlangan. Koʻchaning umumiy uzunligi qariyb 350 metrni tashkil qiladi.
Koʻchaning avvalgi nomi Amir Temur 1-tor koʻchasi edi. Ma’lumotlarga koʻra, 2023-yil 23-fevral kuni esa ko‘cha nomi Usmon Nosir ko‘chasi deb qayta nomlandi. Shuningdek, ko‘chaga tutash boʻlgan nomsiz ko‘chaga Usmon Nosir 1-tor ko‘chasi nomi berilgan.
Shoir gʻazllari va ijodi bilan ushbu havolada tanishishingiz mumkin.
Furqat koʻchasi
Furqat Shayxontohur tumanini Chilonzor va Yakkasaroy tumanlari bilan bogʻlab turuvchi asosiy kuchalardan biri hisoblanadi. Shuningdek, poytaxtning qadimiy koʻchalaridan biridir. U oʻzbek shoiri va publisisti Furqat sharafiga nomlangan. Uzunligi 2 kilometr atrofida.
Yoʻnalishda “Xalqlar doʻstligi” sanʼat saroyi, “Xalqlar doʻstligi” metro bekati, “Muqimiy” teatri, “Magic City” bogʻi oʻrin olgan.
Shoir ijodi bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumkin.
Lutfiy koʻchasi
Lutfiy koʻchasi Chilonzor va Uchtepa tumanlarini tutashtirib turuvchi markaziy koʻchalardan biri hisoblanadi. Oqtepa maydoni va Katta Qaʼni koʻchasi oraligʻida joylashgan va uzunligi 5 kilometrni tashkil qiladi. 1990-yil 28-iyundan Lutfiy nomi bilan yuritiladi.
Yoʻnalishida Kichik halqa yoʻli, Farhod, Katta Xirmontepa va Shirin koʻchalari bilan kesishadi. Muqimiy va Choʻponota koʻchalari bilan tutashgan.
Shoir gʻazllari va ijodi bilan ushbu havolada tanishishingiz mumkin.