O‘zbekiston muzeylaridagi 14 ta eksponat Britaniya muzeyida namoyish etiladi

E’lon qilingan sana· 372
O‘zbekiston muzeylaridagi 14 ta eksponat Britaniya muzeyida namoyish etiladi

2024-yil 26-sentabr kuni Buyuk Britaniyaning Londondagi Britaniya muzeyida “Ipak yoʻllari” koʻrgazmasi oʻz ishini boshlaydi. Oʻzbekistonning muzey sara to‘plamlariga mansub 14 ta eksponat Buyuk Britaniyaning bosh muzeyida namoyish etiladi, deb xabar bermoqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamgʻarmasi.

“Britaniya muzeyi oʻzining maftunkor, ko‘plab mukofotlarga munosib, deb topilgan koʻrgazmalari bilan dunyoga mashhur boʻlib, bunga men doim qoyil qolib kelganman. „Ipak yoʻllari“ men direktor boʻlgan chog‘imdan buyon ilk koʻrgazma loyiham hisoblanib, u xalqaro madaniy hamkorlik uchun betakror imkoniyat yaratgan holda mavjud tasavvurlarga chaqiriq tashlashi meni hayratga soladi”, — Nikolas Kullinan, Britaniya muzeyi direktori.

O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi “Ipak yo‘li” ko‘rgazmasi uchun mamlakat muzey kolleksiyalarida saqlanayotgan 14 eksponatni taqdim etadi. Ular orasida Markaziy Osiyoning Buyuk Ipak yo‘li tarixidagi ahamiyatiga dalolat bo‘luvchi Varaxsha saroyi alvon mehmonxonasining devoriy surati (VIII asr), qopqoqli suyakdon (VI-VII asr), so‘g‘d yozuvi tushirilgan kumush idish (V asr), Kofirqal’a xarobasiga oid ko‘za (VI-VII asr) va boshqa noyob arxeologik topilmalar mavjud.

Aksariyat ashyolar, shu jumladan, shatranj donalarining eng ko‘hna to‘plamlaridan biri va Afrosiyob (Samarqand, Oʻzbekiston)dagi hashamatli 6 metrlik “Elchilar xonasi” devoriy surati Londonda ilk bor namoyish etiladi. Ko‘rgazmaga bag‘ishlangan “Ipak yo‘llari” ilmiy katalogi nashr yuzini ko‘radi.

Ko‘rgazma ochilishi arafasida London Kolizey teatri sahnasida Oʻzbekiston milliy orkestri va Kirill Rihter jamoatchilikka “Vaqt qumlari” asari hamda Oʻzbekiston milliy baletining “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” balet spektakli spektakli taqdim etiladi.

“Ipak yo‘llari” koʻrgazmasi 2024-yil 26-sentyabrdan 2025-yilning 23-fevraliga qadar Britaniya muzeyidagi “Sainsbury” koʻrgazmalar galereyasida tashrif buyuruvchilar uchun ochiq boʻladi.