Devid Gettadan Enrike Iglesiasgacha: Barcha Yevropa chempionatlari rasmiy musiqalari

E’lon qilingan sana· 133
Devid Gettadan Enrike Iglesiasgacha: Barcha Yevropa chempionatlari rasmiy musiqalari

14-iyun kuni Germaniya yashil maydonlarida Yevropa chempionati start oldi. Futbolsevarlarni har kuni uchta super uchrashuv kutadi. Germaniyada esa haqiqiy futbol atmosferasi.

Mana shunday katta turnirlar oldindan uning rasmiy qoʻshiq va madhiyalari e’lon qilinadi. Toʻliq atmosfera xosil qilish uchun. Bu odat 1992-yilgi chempionatdan boshlangan, balki bundan avval ham boʻlgandir, ammo internetdagi ma’lumotlarning eng uzogʻi faqatgina shu yilga yetaklamoqda.

Aslida, bunday rasmiy qoʻshiq va kuylar tadbirlar davomida foydalanish, reklama kampaniyalarida ishlatish va yuqorida aytganimizdek, yaxshiroq futbol muhiti yaratish uchun har bir “Yevro” oldidan esdalik sovgʻa sifatida yaratiladi. Masalan, 2010-yilgi Jahon chempionati uchun Shakira tomonidan kuylangan “Waka-Waka” qoʻshigʻi yoki 2016-yilgi Yevropa chempionati uchun David Getta va Zara Larson kuylagan “This one’s for you” trekini koʻpchilik yaxshi esalasa kerak.

Afisha.uz 2024-yilgi futbol bayrami vaqtida barcha Yevropa chempionatlarining rasmiy qoʻshiqlarini eslashga qaror qildi.


Yevro-1992. Towe Jaarnek & Peter Jöback — “More than a game”

Shvetsiyada oʻtkazilgan 1992-yilgi Yevropa chempionatining rasmiy qoʻshigʻini mahalliy qoʻshiqchilar duet tarzida kuylagan. “More than a game” deb nomlangan qoʻshiq pop janrida kuylangan va Shvetsiya maydonlarida oʻtgan oʻyinlarga kayfiyat bagʻishlab turgan.

Ma’lumot uchun, ushbu musobaqa finalida Daniya terma jamoasi Germaniyaga javobsiz ikkita gol kiritib, chempionlikni qoʻlga kiritgandi.

Yevro-1996. (“Simply Red”) Mayk Haknall & Styuart Levin — “We're in This Together”

1996-yilgi Yevro musobaqasi Angliya yashil maydonlarida oʻtkazilgan va uning rasmiy trekiga mahalliy qoʻshiqchilar — Mayk Haknall va Styuart Levinlar mualliflik qilishgan. Mayk “Simply Red” guruhi a’zosi boʻlgan.

Bu safargi musobaqada oʻtgan safar finalda magʻlub boʻlgan Germaniya terma jamoasi chempionlikka erishgan.

Yevro-2000. E-type — “Campione 2000”

Tarixda ilk bor ikki mamlakatda (Niderlandiya va Belgiya) oʻtkazilgan musobaqaning rasmiy musiqasiga E-type nomi bilan ijod qilgan shvedsiyalik Martin Erikson mualliflik qilgan.

Ushbu turnirda Fransiya gʻoliblikka erishgandi.

Yevro-2004. Nelli Furtado — “Força”

Mezbon — Portugaliya. Qoʻshiq muallifi — kanadalik Nelli Kim Furtado. Chempion esa umuman kutilmagan nom — Gretsiya.

Yevro-2008. Enrike Iglesias — “Can You Hear Me”

2008-yilda Avstriya va Shveysariya qabul qilgan “Yevro"ning rasmiy kuyi dunyoga mashhur Enrike Iglesias tomonidan kuylangandi. Aynan mana shu yillarda oltin avlod toʻplangan Ispaniya Yevropani, 2 yildan keyin esa butun dunyoni titratgandi. Ispanlar hamyurtining qoʻshiqlaridan ilhomlangan boʻlsa ajab emas.

Yevro-2012. Oceana — “Endless Summer”

Polsha va Ukraina maydonlari qabul qilgan “Yevro” musobaqasi koʻpchilikning “kechagidek” yodidan boʻlsa kerak (shunday tuyilishi mumkin, lekin bunga 12 yil boʻldi). Ispaniya ketma-ket ikkinchi marta bu musobaqani qoʻlga kiritgan yili rasmiy kuyga germaniyalik Oceana ismli qoʻshiqchi mualliflik qilgan.

Yevro-2016. Devid Getta ft. Zara Larsson — “This One’s For You”.

Yevro musobaqalari qoʻshiqlarining eng mashhuri 2016-yilda Fransiyada kuylangan. Mashhur mahalliy DJ David Getta shvedsiyalik Zara Larson bilan yakunda Ronaldu boshchiligidagi Portugaliya benefisiga aylangan chempionat uchun rasmiy kuy yaratgan. Mazkur trek hozirgi kungacha YouTube’da 328 milliondan ortiq koʻrilgan.

Yevro-2020. Martin Garrix feat. Bono & The Edge — “We Are The People”.

Kovid pandemiyasi sababli 2021-yilda Angliyada oʻtkazilgan “Yevro-2020"ning rasmiy musiqasiga germaniyalik DJ Martin Garritsen, irlandiyalik Bono va britaniya-irlandiyalik The Edge nomi bilan mashhur Devid Evans muallif boʻlgan. Har doim katta musobaqalardan oldin favorit sifatida koʻrilgan mezbonlar bu musobaqada finalgacha yetib borgan, ammo “Uembli” stadionida oʻtkazilgan hal qiluvchi uchrashuvda ular Italiya terma jamoasiga yutkazib qoʻygan.

Yevro-2024. MEDUZA, OneRepublic, Leony — “Fire”

Hozirda Germaniyada oʻtayotgan musobaqa uchun ham albatta musiqa ishlangan. Uni Italiyaning “Meduza” guruhi, AQSHning dunyoga mashhur “OneRepublic” guruhi va germaniyalik Leoni ismli qoʻshiqchi kuylagan. Bu trek bilan hali koʻpchilik tanishib ulgurmagan boʻlishi mumkin. Chempionni ham hozircha hech kim bilmaydi.

Bonus. Gol payti qoʻyiladigan quvnoq musiqa

Agar tomosha qilish vaqtida e’tibor beradigan boʻlsangiz, gol urilgandan keyin stadionda musiqa yangraydi. Mana oʻsha musiqa.

Mirjalol Qosimov
Muallif
Mirjalol Qosimov
Afisha.uz saytidagi ma‘lumotlarni ko‘paytirish, nusxalash, tarqatish va boshqa maqsadlarda foydalanish faqat tahririyatning yozma ruxsati bilan mumkin. Foydalanuvchi kelishuvi
Elektron OAV guvohnomasi №0400. Berilgan sanasi 13-avgust 2019-yil
Muassis: «Afisha Media» MChJ
Bosh muharrir: Sapayeva Galina Vyacheslavovna
Manzil: 100007, Toshkent, Parkent ko‘chasi, 26А / Pochta: info@afisha.uz
© 2005-2024 Afisha.uz
«Afisha Media» MChJ