Toshkent shahrining Yangi O‘zbekiston ko‘chasi va 4R12 avtomobil yo‘li chorrahasida transport bog‘lamasi qurilishining birinchi bosqichi yakunlandi, deb Gazeta.uz IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga tayanib xabar bermoqda.
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Chimyon tog‘lari va Chorvoq suv ombori tomon harakatlanish uchun ushbu chorrahada tunnel ishga tushirildi. Tunneldan o‘tish uchun ikki tomondan kelishda asosiy yo‘lning o‘ng tarafidagi qo‘shimcha tarmoqdan harakatlanish lozim.
Ta’kidlanishicha, endi haydovchilar Yangi O‘zbekiston va 4R12 yo‘llari chorrahasida yuzaga keladigan katta tirbandliklarda turishlari shart emas.