Hayit bayramida havo harorati 39 darajagacha koʻtariladi
Juma va shanba kunlari O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi, deb xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.
Poytaxtda 14−15-iyunda havo asosan kam bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 32−35 daraja bo‘ladi. 16−18-iyun kunlari havo biroz bulutli, vaqti-vaqti bilan o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Harorat 35−38 daraja issiq bo‘ladi. Shamol sharqdan 5−10 m/s tezlikda esadi.
Respublika hududining katta qismida 32−35 daraja issiq atrofida bo‘lgan juda qulay havo harorati kuzatiladi. Faqat respublikaning shimolida, janubida va cho‘l hududlarida kunduz kunlari havo 37−39 darajagacha isiydi.
16−18-iyun — Qurbon hayiti bayrami kunlarida respublika hududi bo‘yicha yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi, havo harorati hududning katta qismida 36−39 darajagacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 40−41 darajagacha ko‘tariladi.
Respublikaning tog‘li hududlarida 17−18-iyun kunlari kechga tomon ba’zi joylarda mahalliy xususiyatga ega bo‘lgan qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin.
Sharqiy yo‘nalishdagi shamol 9−14 m/s tezlikda esadi, 18-iyunda ba’zi joylarda 15−20 m/s gacha kuchayishi, ayrim joylarda chang-to‘zonlar bilan kuzatilishi mumkin.