OTMlarga kirish test sinovlari sanasi ma’lum qilindi
O‘zbekistonda OTMlarga kirish test sinovlari 14−28-iyul kunlari o‘tkaziladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov Qonunchilik palatasidagi “Hukumat soati"da ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Spot”.
Qayd etilishicha, ro‘yxatdan o‘tishning birinchi bosqichi yakunlangandan so‘ng, 1−25-iyul kunlari ijodiy imtihonlar, 14−28-iyul kunlari test sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ta’kidlanishicha, mazkur tadbirlar bo‘yicha vazirlik, Bilim va malakalarni baholash agentligi hamda oliygohlar tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, abituriyentlar ijodiy imtihonda to‘plagan balini o‘sha kunning o‘zida, testda to‘plagan balini ertasiga bilishi mumkin bo‘ladi.
Ijodiy imtihon va test sinovlari to‘liq yakunlangandan so‘ng, 15 kun davomida ro‘yxatdan o‘tishning ikkinchi bosqichida abituriyentlar test ballaridan kelib chiqib, 5 tagacha oliygoh (yo‘nalish), ta’lim shaklini, tanlov ustuvorligini, ijodiy imtihon o‘tkazilgan yo‘nalishlar uchun esa qo‘shimcha ravishda tanlangan yo‘nalish bo‘yicha yana shuncha oliygohni tanlash huquqiga ega.