1-iyuldan ayrim poyezdlar chiptalari narxi yana oshadi
1-iyuldan mahalliy yo‘nalishlardagi yo‘lovchi poyezdlar — “Nasaf”, “Sharq”, “O‘zbekiston” poyezdlari chipta narxlarining tarif qismi 25 foizga oshiriladi, deya xabar bermoqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ matbuot xizmati.
Misol uchun, 12, 4-sonli Toshkent — Qarshi yo‘nalishi avvalgi narxlari ekonom — 150 600, biznes 218 244 so‘m bo‘lsa, yangi narxda ekonom — 178 250, biznes — 262 805 so‘mni tashkil qiladi, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, narxlar oshirilishi “yo‘lovchi poyezdlarda qo‘shimcha servis xizmatlarini joriy etish, ularni yanada rivojlantirish, yo‘lovchi vagon parklarini yangilash, modernizatsiya qilish, yangi elektropoyezdlarni xarid qilish, vokzallarni zamon talablariga moslashtirish” bilan bogʻliq.
Eslatib oʻtamiz, ushbu poyezdlarning chiptalari narxlari oxirgi marta 20-yanvarda 20 foizga oshirilgandi.