Buxoroda Jadidlar merosi davlat muzeyi tashkil etiladi
E’lon qilingan sana: · 125
Buxoro shahridagi tarixiy maskan boʻlgan Hovli Poyon majmuasida Jadidlar merosi davlat muzeyi tashkil etiladi. Bu haqda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Muzey uchun “Milliy merosga mening hissam” umumxalq aksiyasi doirasida aholidan jadidlik harakatiga oid tarixiy materiallar, ashyolar, noyob suratlar xarid qilinadi.
Ta’kidlanishicha, quyidagilar muzey faoliyatining asosiy vazifalari etib belgilangan:
- jadidlik harakatiga oid Oʻzbekiston va xorijdagi turli manbalar va tarixiy hujjatlarni aniqlash, toʻplash, saqlash, oʻrganish, tiklash, nusxalash, eʼlon qilish, ular asosida Muzey fondini boyitib borish va ekspozitsiyalarni yaratish, shuningdek, madaniy-maʼrifiy va ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish;
- maʼrifatparvar jadidlarning Vatan va jahon tarixidagi muhim oʻrni va ahamiyatini, milliy istiqlolning maʼnaviy asoslarini yaratishdagi hissasi va fidoyiliklarini haqqoniy yoritish, aholi, ayniqsa, yoshlar oʻrtasida keng targʻib qilish;
- muzey ekspozitsiyalarini yaratishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish va mustahkamlash.
Avvalroq O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti jamoasi tomonidan 250 ga yaqin jadid haqida ma’lumotni o‘z ichiga olgan “Jadidlar.uz” platformasi ishga tushirilgan haqida xabar berilgandi.