Ispaniyaning World2Fly aviakompaniyasi Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘ydi
23-may kuni World2Fly aviakompaniyasining Madriddan kelgan birinchi charter reysi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘ndi.
Birinchi charter reysda 290 nafar yo‘lovchi, jumladan, sayyohlar, Ispaniyaning yirik turizm operatorlari, jurnalistlar va blogerlar bo‘lgan. Madrid-Toshkent-Madrid yo‘nalishi bo‘yicha parvozlar yiliga 7 martadan 12 martagacha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
“Ispaniyadan O‘zbekistonga parvozlarni tashkil etish G‘arbiy Yevropadan O‘zbekistonga yo‘lovchilar oqimini yo‘lga qo‘yish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ladi”, — dedi W2M Travel menejeri Ugo Romero.
Ushbu sayohat doirasida ispaniyalik sayyohlar Oʻzbekistonning tarixiy shaharlari Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivaga tashrif buyuradi.
World2Fly — 2020-yilda tashkil etilgan va shtab-kvartirasi Palma-de-Malyorkada joylashgan ispan yoʻlovchi aviakompaniyasi. Aviakompaniyaning istiqboldagi rejalari qatoriga yana ham koʻproq charter reyslarini amalga oshirish hamda Ispaniya va Oʻzbekistonda turizm bozorini rivojlantirish kiradi.