O‘zbekistonda xokkey bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Okeaniya kubogi o‘tkaziladi
Xokkey bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi (U18) Osiyo va Okeaniya kubogi 23−30-aprel kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkaziladi.
18 yoshgacha bo‘lgan terma jamoalar o‘rtasidagi bunday turnir ilk marta 2023-yil Mongoliyada o‘tkazilgan, unda O‘zbekiston g‘alaba qozonib, musobaqaga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritgandi. 2024-yilning 23−30-aprel kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tadigan turnirda 10 ta mamlakat yoshlar jamoasi qatnashadi: O‘zbekiston, Tailand, Eron, Malayziya, Quvayt, Mongoliya, BAA, Hindiston, Makao va Indoneziya.
Qatnashchilar 5 tadan 2 ta guruhga bo‘linadi. O‘zbekiston (Tailand, Eron, Malayziya, Quvayt bilan birga) o‘rin olgan “A” guruh o‘yinlarini Toshkentda o‘tkazadi. “B” guruh vakillari (Mongoliya, BAA, Hindiston, Makao va Indoneziya) Samarqandda o‘ynaydi. Guruh bosqichi yakunlangandan so‘ng barcha o‘yinlar Toshkentda o‘tkaziladi.