Oʻzbekistonda 16–18 mart kunlari umumxalq xayriya hashari o‘tkaziladi
Oʻzbekiston boʻylab 16−18 mart kunlari umumxalq xayriya hashari oʻtkaziladi, deya xabar berdi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi matbuot xizmati. Hashar “Obod va fayzli mahalla — yurt koʻrki” shiori ostida tashkil etiladi.
Hashar Navro‘z umumxalq bayramini munosib nishonlash hamda Ramazon oyini munosib tarzda oʻtkazish, mahallalar, aholi turar joylari, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlar hamda bolalar maydonchalarini obodonlashtirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi koʻkalamzorlashtirish tadbirlarini davom ettirish, sogʻlom turmush tarzi hamda sanitariya-gigiyenik madaniyatni targʻib qilish, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida tashkil etiladi.
Bundan tashqari hashar davomida barcha hududlardagi 9000 dan ortiq mahallada 16 million tupdan ortiq mevali va manzarali ko‘chatlar ekiladi, mahallalar, ziyoratgohlar, xiyobonlar va qabristonlarda obodonlashtirish ishlari amalga oshiriladi.